Ukrainaning Mariinka shahrida yana hukumat kuchlari va isyonchilar o'rtasida otishma boshlangan. Ayirmachilar ma'lumotiga ko'ra, kamida 15 askar va bir necha oddiy fuqaro halok bo'lgan. BMT kuzatuvchilarining aytishicha, Rossiya harbiylarining Ukrainadagi urushda ishtirok etayotganini tasdiqlovchi dalillar ko'p. Tashkilot Ukrainadagi inson huquqlari yuzasidan e'lon qilingan hisobotida shu haqda gap boradi.
Your browser doesn’t support HTML5
Rossiya sharqiy Ukrainadagi mojaroda askarlari ishtirok etayotganini inkor etadi. Kremlga ko'ra, isyonchilar safida kurashayotgan rossiyaliklar u yerga ko'ngilli sifatida borgan. O'tgan oy Ukraina ikki rus askarini asirga oldi. Moskva ularning Rossiya armiyasiga qarashli ekanini rad etdi.
BMT Bosh kotibining Inson huquqlari bo'yicha yordamchisi Ivan Simonovichning aytishicha, rus askarlari bilan 21-may kuni o'tkazilgan suhbat xulosasi boshqacha.
"Rossiya Federatsiyasining doimiy askarlari Ukrainada harakatlanayotganini tasdiqlovchi dalillar ko'paymoqda. Bu ishlarda biz ehtiyot bo'lishimiz kerak. Chunki mazkur shaxslar Ukrainada jinoiy javobgarlikka tortilib, terrorizmda ayblanmoqda. Ular ikki o't orasida. Chunki Rossiya Federatsiyasi ham ularning nima aytayotgani yoki aytmayotganini kuzatib turibdi", - deydi u.
Simonovichga ko'ra, Rossiya isyonchilarga askarlar va og'ir qurollar yetkazib berayotgani haqida ma'lumotlar bor.
BMT hisobotiga ko'ra, bir yil ichida urushda 6400 kishi o'lgan va 16 mingdan ortiq odam yaralangan. Haqiqiy raqamlar bundan yuqori bo'lishi mumkin, deydi kuzatuvchilar. Shuningek, 1,2 million odam o'z uyini tashlab, Ukrainaning boshqa hududlariga ko'chgan va yana bir necha yuz ming kishi mamlakatni tark etgan.
12-fevral kuni Minsk kelishuviga erishilgandan beri otishma sezilarli darajada kamaygan, ammo butunlay to'xtagani yo'q.
Hisobotda inson huquqlarining jiddiy buzilishi holatlari ham qayd etilgan. Simonovichning aytishicha, har ikki tomon urush jinoyatlarini sodir etgani haqida da'volar bor, ammo huquqbuzarliklarga ko'proq isyonchilar qo'l urgani aniqlangan.
"Qurolli guruhlar qotillik, qiynoq qo'llash, majburan ishlatish, o'g'irlik, pul talab qilish kabi jinoyatlar sodir etgani aytiladi. Bunday da'vo har ikki tomon uchun ham bor. Hukumat kuchlariga oid shikoyatlarni hanuz o'rganyapmiz", - deydi BMT rasmiysi.
Rossiya 2014-yil 4-martda Qrimni o'z hududiga qo'shib olgandan beri yarimololda inson huquqlari buzilishi holatlari ko'paygan. Hibsga olish, qiynoq va qo'rqitish usullari orqali siyosiy muxolifat, ayniqsa, qrim-tatarlar tazyiqqa duchoq qilinmoqda.