BMT rasmiysi: "Islomiy davlat" ayollarni xo'rlamoqda

  • Amerika Ovozi

BMT vakili Zaynab Bangura

Yaqin Sharqqa borib, qochqinlar va “Islomiy davlat” (ID) jangari guruhidan qochib qutulgan odamlar bilan uchrashgan BMT rasmiysi ko’zi to’la yosh bilan ko’rganlarini hikoya qildi.

Zaynab Hava Bangura BMTning jinsiy tajovuz bo’yicha maxsus vakili. Xotin-qizlar, ayniqsa yazidiy ayollar boshiga tushganlari dahshatli, deydi u.

“Safarim chog’ida shuni tushundimki, bu xotin-qizlarga qarshi urush ekan”, - dedi Bangura “Amerika Ovozi”ga.

Jinsiy tajovizga uchragan qizlar bunday qiynoqlarga chek qo’yishing yagona yo’lini tanlagan – o’zini ro’mol yoki hijob bilan osgan, tomirini kesgan yoki zahar ichgan.

Bangura ID jangarilari xotin-qizlarni doimiy ravishda zo’rlashi, jinsiy qul qilib olishi yoki majburan turmushga berishini aytadi.

“ID ayollarga nisbatan jinsiy tajovuz va qiynoqlarni doimiy amaliyotga aylantirdi. Ularning asosiy maqsadlaridan biri ham aynan shu. Urushning siyosiy iqtisodiga aylandi bu”, - deydi BMT rasmiysi.

Bangura Syerra-Leoneda tug’ilgan, otasi imom. “Islomiy davlat” mafkurasi mutlaqo islomga qarshi, deydi u.

“Bu islom emas, chunki islomda odamlar yo’q qilinsin, degan gap yo’q,” – deydi Bangura.

Iroq va Suriyada ID jangarilari xotin-qizlarni bozorlarda sotmoqda. Ayollar, ayniqsa yazidiylar savdosi bilan shug’ullanadigan maxsus idoralar ochilgan. U yerga tushganlar bokiraligi tekshirilgach pullanadi.

Ammo xotin-qizlarni nishonga olayotgan faqat ID jangarilari, deyish noto’g’ri. Banguraga ko’ra, Suriya Prezidenti Bashar Assadga qarashli harbiy kuchlar hamda razvedka xizmati askarlari ham ayollarni zo’rlagan.

BMT rasmiysi Suriyada bir qamoqni borib ko’rdi. “U yerto’laga o’xshagan, yerni tagida uch qavat, hech qanday deraza yo’q. Mahbuslarning bari ayol bo’lsa-da, qo’riqchilarning hammasi erkak. Demak, u yerda zo’ravonlik yoki qiynoqlar bo’lishi mumkin”, - deydi Bangura.

“Vaqt kelib ID va boshqa jinoyatchilar jazolanadi. Men buning uchun oxirgi nafasimgacha kurashishga tayyorman”, - deydi BMT rasmiysi.