“Human Rights Watch”, “Xalqaro Amnistiya” – jami 60 ga yaqin tashkilot qo’shma bayonot qabul qilib, Birlashgan Millatlar Tashkiotini Yamandagi harbiy jinoyatlarni tergov qilish uchun mustaqil komissiya tuzishga chaqirdi.
Your browser doesn’t support HTML5
Bahrayn, Rossiya, BMT Inson huquqlari kengashiga a’zo yana bir necha davlat oktabr oyida BMTning Yamanda urush jinoyatlarini tergov qilish harakatlarini to’xtatishga ovoz bergan.
Qo’shma bayonot qabul qilgan tashkilotlar Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklarini 4 yil oldin Jenevada tuzilgan taftish komissiyasi ishini to’xtatish uchun qattiq tashviqot olib borganlikda ayblab, tergovni yangidan boshlashga chaqirdi.
Saudiya Arabistoni yetakchiligidagi arab harbiy koalitsiyasi Yamanda 2014-yilda boshlangan fuqarolar urushiga bir yil o’tib aralashgan va hukumat tarafini olgan. Shu kungacha 100 mingdan ziyod odam o’lgan, 4 million yamanlik uyidan ayrilgan.
"Yamanda o’zaro jang qilayotgan taraflar, jumladan Saudiya Arabistoni va xusiylar uzoq vaqtdan beri hech bir jazosiz vahshiyliklarga qo’l urib kelmoqda”, - dedi “Xalqaro Amnistiya” bosh kotibi Anyes Kallamar.
Unga ko’ra, Birlashgan Millatlar Tashkiloti yillar davomida azob chekkan Yaman xalqi umidlarini oqlamadi.
"Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari va ularning ittifoqchilari mamlakatma-mamlakat yurib, do’q-po’pisa va korrupsiyani ishga solib, uyalmasdan va agressiv tarzda ekspertlar guruhini yo’q qilishga muvaffaq bo’ldi”, - deydi Kallamar.
“Human Rigts Watch” ijrochi direktori Kennet Rotning aytishicha, Saudiya Arabistoni Yamanda javobgarlik tizimini barbod qildi.
Unga ko’ra, qirollik rasmiylari BMT Inson huquqlari kengashiga a’zo Indoneziya va yana bir necha musulmon mamlakatni qo’rqitib, taftish komissiyasini bekor qilishga ovoz bermasa, ularning fuqarolariga Haj safarini ado etishga ruxsat bermasligini aytgan.