BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun Saudiya Arabistoniga borib, Qirol Salmon va uning maslahatchilari bilan uchrashgan. Tomonlar qo'shni Yamandagi siyosiy vaziyat xususida fikr almashgan.
Yamanda hutiylar isyonchi guruhi hokimiyatni qo'lga olgach bundan norozi aholi ko'chaga chiqdi.
BMT bosh kotibi hokimiyatdan olingan Prezident Abdurabbo Mansur Hadini lavozimida tiklashni talab qilmoqda.
Sobiq rahbar va uning bir necha vaziri hozirda uy qamog'ida, ularning lavozimlarini esa hutiylar vakillari egallagan. Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari Hadining hokimiyatdan olinishini davlat to'ntarishi deb atamoqda.
Pan Gi Mun hutiylarni hokimiyatni tortib olganlikda aybladi. Hutiylar muvaqqat parlament va besh kishilik prezident kengashini tuzgan.
“Mamlakatda siyosiy vaziyat yomonlashmoqda, davlat boshqaruvida bo'shliq hosil bo'lgan", - deydi BMT rahbari.
Pan Gi Mun Yamandagi barcha siyosiy kuchlarni murosaga chaqirdi.
Bugun BMT vositachiligidagi muzokaralarda "Isloh" muxolif partiyasi va kichikroq guruh hutiylar do'q-po'pisasiga ishora qilib, muloqotni tark etgan.