"Unshackled" - xorijiy tadbirkorga imkoniyat yaratayotgan kompaniya

  • Amerika Ovozi

Ko'plab xorijliklar Amerikaga kelib ishlashni xohlaydi, ammo ish vizasini olish oson emas. 2017-yil uchun malakali ishchi vizasiga 236 ming odam ariza topshirgan. Bir yilga beriladigan vizalar soni esa 85 mingta. Hatto ish vizasiga ega bo'lib turib ham chet elliklar AQShda biznes boshlashi qiyin. Silikon vodiysidagi bir kompaniya ana shunday ishbilarmonlarga yordam berish yo'lini topdi.

"Terminator" filmidan ilhomlangan Yinze Fu bolaligidan robotlar yaratishni orzu qiladi.

Uning orzusi uylar uchun aqlli jihozlar ishlab chiqarish orqali amalga oshmoqda. Ixtirochining moslamasi hatto latifa ham aytadi.

"Biz kichik kompyuterlar yaratyapmiz. Quruvchilar uni uylarning devorlariga o'rnatadi. U orqali telefoningiz va boshqa jihozlaringiz bilan bog'lanasiz", - deydi u.

Asli xitoylik bo'lgan Fu "Togg" startapining asoschilaridan biri. U AQShda ishlash va biznes ochish imkoniyatiga "Unshackled" nomli sarmoyadorlar kompaniyasi yordami bilan erishdi.

"Ularning yordamisiz, ularning homiyligisiz bu ishni qila olmagan bo'lardim", - deydi u.

"Unshackled" asoschilaridan biri Manan Mexta amerikalik, ammo ilgari vizasi bor odam bilan ishlagan.

"Kompaniyalarimiz asoschilardan biri vizali ishchi bo'lgani uchun men va hamkorim Nitin ularni yopishga majbur bo'lganmiz", - deydi u.

Mextaning aytishicha, xorijlik ishchilar AQShda faqat "H-1B" vizasini olishga homiylik qilgan kompaniyada ishlashi mumkin, xolos. Agar ular o'z biznesini boshlamoqchi bo'lsa, doimiy ishidan tashqarida ishlashi kerak. Mextaning kompaniyasi shu sababdan yopilgan.

"Ular bilan faqat kechasi va dam olish kunlari ishlardik. Innovatsiyalar kuchaygan bir paytda tez ishlamasangiz, orqada qolib ketasiz", - deydi Mexta.

"Unshackled" xorijliklarning viza olishiga homiylik qilib, o'z bizneslari ustida to'liq ishlashlariga imkoniyat yaratib beradi. Kompaniya istiqbolli startaplarga 300 ming dollargacha sarmoya kiritadi va Silikon vodiysi markazidagi ofisdan joy beradi.

"Startapning dastlabki ish kunlarida xarajatlarni kamaytirish juda muhim. Masalan, Palo-Altoning o'rtasidan biz joy ololmaymiz, chunki ijara juda qimmat", - deydi hindistonlik Pratik Joshi.

Kompaniya tadbirkorlarga maslahat va yo'l-yo'riq ham ko'rsatadi.

"Biznes g'oyasini rivojlantirish, marketing va sarmoyadorlarni qanday jalb qilish haqida", - deydi Yinze Fu.

"Hamma bir joydan ishlaydi. Bu esa bir jamoani shakllantiradi. Ular o'zaro tajribalarini baham ko'radi. Ishlagan va ishlamagan yechimlarga asoslanib, tezroq rivojlanishadi", - deydi Mexta.

"Unshackled" shu paytgacha 15 davlatdan kelgan startap asoschilariga homiylik qilgan.