Qozog'istonda uran yonilg'i ombori ochiladi

  • Amerika Ovozi

Qozog'istonda uran yonilg'isi saqlanadigan xalqaro ombor ochilishi xalqaro ahamiyatga ega yangilik sifatida e'tirof etilmoqda.

Bu ish Atom energiyasi bo'yicha xalqaro agentlik rahnamoligida amalga oshirilmoqda.

Qozog'iston rahbari Nursulton Nazarboyev tashabbusni olg'a surgani va bu borada jadal diplomatik harakatlar olib borgani uchun tahsinga sazovor, deydi AQSh Davlat kotibining Xalqaro xavfsizlik va yadroviy materiallar tarqalmasligi bo'yicha muovini Tomas Kantrimen.

27-avgust kuni Ostonada respublika va Atom energiyasi bo'yicha xalqaro agentlik maxsus kelishuv imzoladi.

Hujjatga ko'ra, omborda 90 tonnaga yaqin quyi darajada boyitilgan uran saqlanib, atom yonilg'isi ishlab chiqarishni xohlagan davlatlar undan foydalanish imkoniga ega bo'ladi.

Quyi darajada boyitilgan uran energiya uchun zarur bo'lsa, yuqori boyitilgani atom qurollari yaratish uchun ishlatiladi.

Bu kabi omborxona, deydi ekspertlar, davlatlar uchun milliardlab dollar mablag'ni ayavlaydi va eng muhimi, uran nima uchun va qanchalik boyitilayotgani yuzasidan shubhalarga chek qo'yadi.

Qozog'iston uran zaxiralariga boy davlatlar qatorida birinchi va bu mahsulot eksporti bo'yicha ham yetakchi o'rinda. Mamlakatda 17 uran koni bor va yiliga 20 ming tonna qazib olinadi. Qimmatbaho modda nafaqat yadro sohasida, balki texnologiya ishlab chiqarish hamda boshqa sanoatlarda ishlatiladi.