Bir necha respublikachi prezidentlik uchun kurashga tayyor. Ayrimlari buni ochiq aytsa, qolganlar shoshmayapti. Ba'zilar jahon ommasiga tanish, boshqalar haqida balki hech eshitmagansiz.
Jamoatchilikning asosiy e’tibori Xillari Klinton va Jeb Bushga qaratilgan. Har ikki siyosatchini amerikaliklar yaxshi taniydi. Ular partiyadoshlari orasida ham katta obro’ga ega, saylov kampaniyasi uchun mablag’ yig’a oladi.
Ammo bu omillar boshqa arboblarni oliy lavozimga da’vo qilishdan to’sa olgani yo’q.
Respublikachilar orasida neyroxirurg Ben Karson tarafdorlari ham kam emas.
“Erkinlik va jasorat yurtida yashaymiz. Ammo hech kim jasur bo’lmay turib erkin bo’la olmaydi. Barchangizga rahmat aytaman”, - deydi u tarafdorlari davrasida.
Obama ma’muriyatining tashqi siyosatidan norozi respublikachilarga AQShning BMTdagi sobiq elchisi Jon Bolton nomzodi ma’qul bo’lishi mumkin.
“Prezidentning mamlakatni himoya qilishdan ulug’roq vazifasi yo’q. Muhim masalalar ko’p, albatta. Iqtisod deysizmi, boshqasimi, biroq mamlakat xavf ostida bo’lganida boshqa muammolar ahamiyatini yo’qotadi. Odamlar buni yaxshi tushunadi deb o’ylayman. Ular bizning mulohazamizni eshitmoqchi”, - deydi Bolton.
Yangi qiyofa istayotganlar uchun Donald Tramp ham bor. U eng badavlat odamlardan, ko’chmas mulk bozoridagi muvaffaqiyatlari va televizion shousi bilan tanilgan.
“Zo’r televizion dasturim borligini bilasiz. Hayotim juda yaxshi. Sevimli ishim bor. Ammo bu mamlakat do’zaxga aylanib boryapti”, - deydi u.
Demokratlar partiyasidan asosiy nomzod Xillari Klinton ekani aniq. Biroq Merilend shtatining sobiq gubernatori Martin O’Malli u bilan bellashishga qaror qilishi mumkin.
“Yangi rahbariyat va yangi qarashlar mamlakatimizga doim foyda keltirgan. Keling, ochig’ini aytaylik. Qo’shma Shtatlar prezidentligi toj emaski, ikki oila ichida avloddan avlodga o’tsa”, - deydi u.
O’Malli va xalqqa yaxshi tanilmagan boshqa nomzodlar kampaniyani olib borishda qiynalishi mumkin.
“Mashhur bo’lmasangiz, hech bo’lmasa siyosiy faollar orasida sizni hech kim tanimasa, ahvolingiz voy,” – deydi jamiyatshunos Piter Braun.
Unga ko’ra, notanish da’vogarlar saylovoldi kampaniyasi chog’ida o’zlarini xalqqa tanitishga urinadi.
“Tarixga nazar tashlasak, aksariyat saylovchilar tanimagan nomzodlar katta muvaffaqiyatga erisha olmasligini tushunamiz. Ammo qattiq ter to’kib ishlasangiz, Ayova va Nyu-Xempshir kabi nomzodlar o’tasidagi ilk bellashuvlarda muhim bo’lgan shtatlarida yutib chiqishingiz mumkin”, - deydi tahlilchi.
Respublikachilar orasida yaqqol lider yo’qligi sababli da’vogarlar ham ko’p, deydi respublikachilar partiyasi strategi Ford O’Konnell.
“Oxirgi 40 yilda ilk bor yaqqol yetakchi yo’q. Hamma narsa bo’lishi mumkin. 10-12 da’vogarni ko’ramiz. Ular bir-biri bilan qattiq bellashishiga to’g’ri keladi”, - deydi u.
Nomzodlar orasida “Hewlett-Packard” kompaniyasi sobiq rahbari Karli Fiorina, Luiziana gubernatori Bobbi Jindal va Nyu-York shtatining sobiq gubernatori Jorj Pataki ham bor.
Demokratlardan esa Vermont shtatidan senator Berni Sanders va Virjiniyadan senator Jim Uebb ham nomzodini ilgari surishi mumkin.