AQShda ayrim senatorlarning Afg'onistonda Amerika o'z oldiga qo'ygan maqsadlariga erishishiga ko'zi yetmayapti. Senat Tashqi aloqalar qo'mitasining so'nggi ikki yil davomida tayyorlagan hisobotida aytilishicha, yirik moliyaviy yordamga qaramay Qo'shma Shtatlar ko'pga erishgani yo'q. Senat Qurolli kuchlar qo'mitasi raisi Karl Levin prezident Obamadan yil oxirigacha Afg'onistondan kamida 15 ming askarni chiqarishni so'ramoqda.
Prezident Obama tomonidan Afg'onistonda elchilikka tayinlangan Rayan Kroker Senat Tashqi aloqalar qo'mitasida qonunchilar savollariga javob berdi. Kroker 2007-2009 yillarda Iroqda elchi bo'lgan. Diplomat Senat tasdig'idan o'tsa vazifasi mashaqqatli bo'lishini yaxshi tushunadi.
"Ish oson bo'ladi deb hech ham o'ylayotganim yo'q. Iroqda bunga guvoh bo'lganman. Afg'onistonda bundanda qiyin bo'lishiga shubha qilmayman", - deydi Kroker.
Senatdagi tinglovda Krokerni savolga tutgan qonunchilarning aksariyati unga havas qilmasligini yashirmadi. Kongress prezidentdan Afg'onistonda AQSh ishtirokini cheklashni talab qilayotgan bir paytda bo'lajak elchi mavjud resurslarga tayangan holda ish ko'rishi kerak bo'ladi, deydi ulardan biri, Aydaxo shtatidan saylangan respublikachi senator Jeyms Rish.
"So'nggi 10 yilda qon to'kib, ter to'kib, ko'z yosh to'kib afg'on xalqi biz kabi bo'lsin deb harakat qildik. Ammo ularga bu kerakmi o'zi? Kerak bo'lmasa, shuncha harakatning foydasi yo'qdir", - deydi senator Rish.
Prezident Barak Obama iyul oyidan boshlab qo'shinlarni Afg'onistondan chiqarishga so'z bergan. 90 ming askar sekin-asta vataniga qayta boshlaydi. 2014-yilga borib barcha jangovar operatsiyalar nihoyasiga yetkaziladi. Qo'shinlar joriy yilda qanchaga qisqartirilishi hozircha aniq emas.
Elchi Krokerning aytishicha, Afg'onistonda korrupsiya kabi ko'plab muammolar mavjud. Biroq, deydi u, bu yurt terrorchilar makoniga ortiq aylanmasligi kerak.
"Mudofaa vazirimiz Robert Geyts ta'kidlaganidek, 1989-yilda Afg'onistonni o'z holiga tashlab qo'yib katta xato qildik. Ikkinchi bor bunga yo'l qo'ya olmaymiz", - deydi Kroker.
Biroq so'nggi paytlarda prezident Obamani afg'on siyosatida qo'llab-quvvatlab kelganlar ham Afg'onistonga ajratilayotgan yordam puli va u yerda xizmat qilayotgan askarlar sonini cheklash vaqti keldi, deydi. Senat Tashqi aloqalar qo'mitasi raisi Jon Kerri shular jumlasidan.
"Milliy xavfsizlik manfaatlarimiz Afg'onistondagi operatsiyaga uzviy bog'liq ekani haq gap. Ammo hozirgi sharoitda qo'shinlar soni va yordam hajmi bu manfaatlarga mutanosib emas. Buning uchun imkoniyatlarimiz ham yo'q", - deydi senator Kerri.
Kerri va boshqa senatorlar Krokerning Afg'onistonda elchi bo'lib ishlashiga qarshi emasligini bildirdi. Bu esa uning nomzodi Senatda osonlikcha tasdiqlanadi degani.
Elchi Krokerning aytishicha, Qo'shma Shtatlarning Afg'onistonga ba'zi sohalardagi yordami foydadan xoli bo'lgani yo'q, masalan, ta'lim va sog'liqni saqlash sohalarida. Yetti milliondan ziyod afg'on bolalari ayni damda ta'lim olmoqda. Ikki milliondan ziyodi Tolibon paytida maktabga chiqishi man etilgan qizlardir.
Bu yutuqlarni qo'ldan chiqarmaslik kerak va men bunga bor kuch-g'ayratimni sarflayman, deydi Kroker.