Afg'oniston o'z xavfsizligini o'zi ta'minlashga qodir ekanini aytmoqda

  • Amerika Ovozi

Afg'onistonning Vardak viloyati

Afg’oniston prezidenti Hamid Karzay AQSh maxsus kuchlari bilan hamkorlik qilayotgan afg’on qismlarini Vardak viloyatida mahalliy aholini qiynoqqa solish va o’ldirganlikda ayblab, AQShdan bir hafta ichida qo’shinlarini viloyatdan olib chiqishni talab qilgan edi.

Qo’shma Shtatlar ayblovlarni rad etib, Karzay ma’muriyati bilan masalani hal qilishga urinmoqda. Afg’on rahbari AQSh va NATO kuchlarini Tolibon va hukumatga muxolif guruhlar bilan kelishishga harakat qilayotganlikda ham ayblagan.

NATO Bosh kotibi Anders Fog Rasmussenning kecha Bryusseldagi majlisda aytishicha, Kobul da’volari asossiz va uydirma.

Xalqaro kuchlar matbuot kotibi general Gyunter Katsning aytishicha, alyans harbiylarini Vardak viloyatidan olib chiqishga qarshi emas, ammo buning uchun afg’on tomoni xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan reja ishlab chiqishi lozim.

Pentagon Karzay talabidan g’azabda. AQSh harbiy mutasaddilari nazarida askarlarni viloyatdan apil-tapil chiqarish ketidan jangarilarning hududdagi mavqei kuchayib, viloyatdan atigi 25 kilometr narida joylashgan poytaxt tahdid ostida qolishi mumkin.

Biroq Ichki ishlar vazirligi rasmiysi Sodiq Sodiqiyning aytishicha, afg’on qo’shinlari mamlakat bo’ylab xavfsizlikni mustaqil ravishda ta’minlashga qodir va layoqatli.

"Askarlarimiz va politsiya kuchlarini hisobga olganda 352 ming sonli qo’shinga egamiz. Mamlakatning istalgan joyida NATO qo’shinlarining o’rnini bosa olamiz. Alyans harbiylari chiqqan viloyat yoki tumanlar Tolibon, Haqqoniy yoki al-Qoida tomonidan ishg’ol qilinishiga asos yo’q", - deydi rasmiy.