AQSh zobitlarini olib chiqayotgani afg’onlar uchun sinov

  • Amerika Ovozi
Qo’shma Shtatlar joriy yilda Afg’onistondan yana 34 ming askarini olib chiqadi. Bahor kelishi bilan bu o’lkada janglar avj olishi kutilyapti. AQSh qo’shinlari Afg’onistonni tezlashtirilgan jadval asosida tark etayotgani missiya uchun nimani anglatadi?

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh zobitlarini olib chiqayotgani afg’onlar uchun sinov/Shohruh Hamro


Xalqqa murojaatida prezident Barak Obama Afg’onistonda urushni deyarli yakunlab, butun diqqatni endi AQSh iqtisodiyotini tiklashga qaratishini aytdi.

“Shu yil bahordan Amerika zobitlari murabbiylik va maslahatchilik roliga o’tadi. Yetakchilik ag’onlarga topshiriladi. Kelasi bir yilda 34 ming zobitimiz jang maydonidan uyga qaytadi”, - deydi Obama.

Afg’onistonda bahorgi janglar boshlanish arafasida. AQSh va Yevropa davlatlari yordamida jihozlangan va treyningdan o’tgan afg’on armiyasi ilk bor o’zi mustaqil harakat qiladi.

AQSh Qurolli kuchlar bosh shtabi qo’mondoni general Martin Demsiga ko’ra, xorijiy qo’shinlarning vazifasi yordamga tayyor turish.

“Afg’oniston xavfsizlik kuchlari bor malakasini ishga solish vaqti keldi. Biror muammo chiqadigan bo’lsa, qolaversa, ruhiy tayanch uchun biz ham ular bilan birgamiz”, - deydi harbiy.

Obama ma’muriyati minglab askarni Afg’onistondan olib chiqayapti. Lekin qolgan qismi missiya uchun yetarli.

Yaqinda AQSh generali Jozef Danford Afg’onistondagi xalqaro koalitsiya kuchlarining yangi qo’mondoni etib tayinlandi. Boshqaruvni Danfordga topshirgan general Jon Allenning aytishicha, uning oldidagi vazifalar murakkab.

“Operatsiya yakuniy pallaga kirar ekan, bazalarni birma-bir yopish va 10 yil ichida to’planib qolgan harbiy vositalarni qanday olib chiqishni puxta rejalash kerak. Ayni paytda askarlar soni kamaysa ham kampaniyani shiddat bilan davom ettirish, yetakchilikni qo’lga olgan afg’on armiyasiga yo’l ko’rsatish talab qilinadi. Shularning hammasini bajarish uchun ikki yildan ozroq vaqt qoldi”, - deydi general Allen.

2014-yilning oxiri - Afg’oniston uchun muhim sana. Chet el zobitlari mamlakatni tark etarkan, xalqni nima kutayotgani - katta jumboq.

Siyosatshunos Ahmad Majidyor fikricha, bu rejadan xabardor jangarilar payt poylab turgani shubhasiz.

“Tolibonda bir gap bor – xalqaro koalitsiya soatga qarab ish qiladi, biz esa hech qayerga shoshmayapmiz, deyishadi. Ularning strategiyasi chet el qo’shinlari ketishini kutishdan iborat. Ana undan keyin inlaridan chiqib, boy bergan hududlarni qayta bosib olishga harakat qilishadi”, - deydi Majidyor.

Obama ma’muriyati 2014-yildan so’ng Afg’onistonda qancha askar qoldirishini hali e’lon qilmagan. Ular qanday shartlar asosida qolishi va qanday qonunlarga bo’ysunishi Vashington va Kobul ishlab chiqayotgan bitimda belgilanadi.