Afg'oniston urushi xususiy kompaniyalarga topshirilishi mumkin

  • Amerika Ovozi

AQSh va Afg'oniston askari, Nangarhor viloyati, Afg'oniston, 5-avgust, 2015-yil.

Oq uy Afg'oniston siyosatini qayta ko'rib chiqar ekan, Prezident Donald Tramp urushni xususiylashtirish haqida o'ylanayotgani xabar qilinmoqda. Bu g'oya ortida "Blackwater" xususiy harbiy kompaniyasi rahbari Erik Prins turgani ma'lum.

Afg'oniston urushi AQSh tarixida eng uzoq davom etgan mojaro. Pentagon ham g'alaba qozonmayotganini tan olmoqda. "Blackwater" kompaniyasi rahbari Erik Prins.

"AQSh Afg'onistonning o'ziga Britaniyaning butun mudofaa byudjetidan ham ko'proq mablag' sarflamoqda. Shunday davom etishi mumkin emas", - deydi u.

Prinsning aytishicha, u va uning yangi kompaniyasi shu xarajatning kichik bir qismi bilan muammoni hal qilishi mumkin.

Uning da'vo qilishicha, AQSh askarlari 5000 xususiy kontraktor bilan almashtirilsa, yiliga 30 milliard dollar tejaladi.

Bunday harbiylar Afg'oniston askarlari kiyimini kiyadi va Afg'oniston qonun-qoidalariga bo'ysunadi. 90 samolyotdan iborat xususiy havo kuchlari ham joriy etiladi.

"Nazorat bo'ladi, afg'on suvereniteti va yo'l-yo'rig'i bilan terrorchilarga qarshi kurashiladi", - deydi Prins.

Ammo rejaga qarshilar ko'p. Tadqiqotchi Laura Dikinson ulardan biri.

"Agar nimadir xato bo'lsa, AQSh huquqiy jihatdan ularning ishi uchun mas'ul bo'ladi. Tajribadan bilamizki, puxta rejalashtirilmasa, bu darajada ko'p kontraktorlar bilan muammo chiqishi aniq", - deydi u.

2007-yil "Blackwater" qo'riqchilari Bag'dodda 14 tinch fuqaroni o'ldirganlikda ayblangan edi. Prins 2010-yil "Blackwater"ni sotib, hozir yangi kompaniyaga asos solgan.

Afg'oniston hukumati bu mavzuda hali rasmiy izoh bergani yo'q.

Ammo yetakchi afg'on rasmiylaridan birining aytishicha, bu reja huquqiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin va u AQSh bilan mavjud xavfsizlik bitimlariga ham to'g'ri kelmaydi.

Afg'oniston sobiq prezidenti Hamid Karzay "Twitter" orqali rejani keskin tanqid qilib, uni Afg'oniston suverenitetining "ochiq-oydin buzilishi" deb atadi.

Rejaning qanday tuzilgani ham tanqid ostida. Masalan, kolonial davrda ishlatilgan vitse-qirol atamasining kiritilgani bahsli.

"Vitse-qirol Afg'onistonni boshqarish emas, balki AQShning harbiy ishlarini nazorat qilish uchun tashkil etilayotganini tushunishsa, afg'on rasmiylari ham rejani qo'llasa kerak", - deydi Prins.

Prezident Trampning qanday qaror berishi hali aniq emas. Xabarlarga ko'ra, u taklifni ko'rib chiqmoqda, ammo Pentagondan qarshilik kuchli.

Tramp Afg'oniston bo'yicha tez orada bir qarorga kelishini aytdi.

"Yaqin qoldi. Men uchun bu juda katta qaror. Ishlar rasvo edi. Uni ancha yaxshilamoqchimiz", - dedi prezident.

Urushni xususiylashtirish rejasi amalga oshish-oshmasligi hozircha noma'lum.