Senat Afg'onistonga ajratiladigan moddiy yordam ustidan nazoratni kuchaytirishga chaqirdi

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri afg'on tadbirkor ayollari bilan, Kobul, 26-mart, 2013-yil.

AQSh Senatining Tashqi aloqalar qo'mitasi Afg'onistonni qayta qurish uchun ajratiladigan byudjetni qanday tasarruf etish bo'yicha yangi hisobot chiqardi. Unga ko'ra, AQSh beradigan moliyaviy yordam davom etishi uchun Afg'oniston hukumati islohot o'tkazish bo'yicha qo'yilgan talablarni bajarishi kerak. Ayniqsa, korrupsiyaga barham berish hamda giyohvand moddalar savdosini cheklash masalasi alohida tilga olingan.

Hujjatda, shuningdek, afg'on hukumat muhim vazirliklarga islohotchi kadrlarni tayinlashi talab qilinadi.

Qo'mita tavsiyasiga ko'ra, yordam oluvchi xavfsizlik idoralari inson huquqlarini poymol etishiga yo'l qo'ymaslik uchun AQSh hukumati ular ustidan nazorat o'rnatishi kerak.

Afg'on xavfsizlik kuchlari tomonidan inson huquqlari buzilgan holatlar ko'payayotgani yuzasidan BMT va boshqa inson huquqlari tashkilotlari tashvish bildirib keladi.

Jahon bankiga ko'ra, yillik 7,6 milliard dollarlik Afg'oniston byudjetining 60 foizi AQSh va boshqa xaqaro donorlar hisobiga qoplanadi.

2001-yil Tolibon hukumati qulagandan beri AQSh Afg'onistonni qayta qurishga 104 mlrd. dollar sarfladi. Shu yil oxirigacha AQSh askarlari mamlakatni tark etishi kutilayotgan bo'lsa-da, yana kamida 10 yil davomida AQSh Kobulga har yili 5-8 milliard dollar miqdorida moddiy yordam berib turishi rejalangan.