AQSh kuchlarining Afg'onistondagi qo'mondoni vazifasini tark etayotgan general Jon Kempbel urushga botgan mamlakat o'zini tiklab olishi uchun hali uzoq yillar harbiy va moliyaviy yordamga muhtoj bo'lishini aytdi. Bu davlat terror guruhlari uchun yangi boshpana bo'lishiga yo'l qo'ymaslik uchun AQSh ana shunday yordamga tayyor turishi kerak, dedi yuqori martabali harbiy Vakillar palatasining Qurolli kuchlar qo'mitasiga bergan hisobotida.
General Kempbelning aytishicha, afg'onlar o'zlarini tiklab olishi uchun vaqt va joy kerak. Ayni paytda mamlakatdagi 407 tumanning sakkiztasi isyonchilar qo'lida. Aholi yashaydigan hududlarning faqat 70 foizi hukumat nazoratida, dedi general.
Ayni paytda Afg'onistonda 9800 ta AQSh askari bor. Ular, asosan, afg'on kuchlarini tayyorgarlikdan o'tkazish va maslahatchilik vazifasini bajaradi.
AQSh harbiysining aytishicha, Afg'oniston iqtisodiyoti o'zini o'zi tiklay olishi uchun yana 10 yilcha vaqt kerak bo'ladi.