AQSh Afg’onistonga berilayotgan yordam Tolibon qo’liga tushayotganini tan oldi

  • Amerika Ovozi

Tolibon 2021-yil avgustida Afg’onistonda hokimiyatga qaytganidan beri Qo’shma Shtatlar bu mamlakatga salkam ikki milliard dollarlik gumanitar yordam ko’rsatgan. AQSh rasmiylari bu haqda qonunchilarga hisobot berarkan, Amerika yordamidan toliblar ham manfaatdor bo’layotganini tasdiqladi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 15-noyabr, 2023-yil

AQSh qonunchilari Ukraina va Isroilga qo’shimcha yordam berish ustida o’ylanayotgan bir paytda, so’nggi ikki yilda Afg’onistonga berilgan ko’mak Tolibon qo’liga tushayotgani ma’lum bo’ldi.

“Tolibon Afg’onistonga ajratilayotgan pulni yovuz maqsadlari uchun o’g’irlayotganidan xabardormiz. Ammo shunga qaramay Bayden ma’muriyatining Afg’oniston bilan aloqada bo’lishga qaratilgan siyosati meni xavotirga solmoqda”, - deydi Vakillar palatasining respublikachi a’zosi Maykl Makkol.

Qo’shma Shtatlar Afg’onistonning eng yirik xalqaro donori hisoblanadi. AQSh hukumatida Afg’onistonni qayta qurish bo’yicha maxsus bosh inspektor Jon Sopko ajratilayotgan pul da’vogarlar qo’liga tushishini kafolatlay olmasligini aytadi.

“Pulimizni Tolibon olayotganini aniqladik. Aynan qanchasini olishayotganini bilmaymiz. O’g’rilar odatda qancha o’g’irlashganini ovoza qilishmaydi”, - dedi rasmiy.

Qonunchilar yordam to’xtatilsa, Afg’oniston gumanitar ofatga yuz tutishi haqida ogohlantirmoqda.

“Tolibon bilan zarur sohalarda muloqot qilish uchun imkoniyat bo’lishi muhimdir. Ushbu voqelikni inkor etish bilan siyosatimizdan yaxshiroq natija bo’lishiga ishonmayman”, - deydi quyi palataning demokrat vakili Gregori Miks.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Afg’onistonga xalqaro yordam kutilganidek 30 foizga qisqarsa, afg’on iqtisodiyoti halokatli oqibatlarga yuz tutishi haqida ogohlantirgan. Sopko yordamning kesilishi Vashington siyosatiga ham ta’sir qilishini aytdi.

“Odamlar ochlikka yuz tutib, ko’chada o’la boshlaydi. Yordam kesilsa, Afg’onistonga oz bo’lsa ham mavjud ta’sirimizdan ayrilamiz”, - dedi rasmiy.

Xalqaro qutqaruv qo'mitasiga ko’ra, Pokiston hukumati o’n minglab afg’on qochqinlari, hatto Pokistonda yillar davomida yashab kelgan odamlarni vataniga majburan deportatsiya qilib, inqirozni kuchaytirishi mumkin.

“Afg’onistonning hozirning o’zida minglab oilalarni qabul qilishga qurbi yetmaydi, iqtisodiyotga og’ir keladi, mamlakatdagi umumiy vaziyat ham yomonlashishi mumkin”, - deydi tashkilot vakili Nensi Dent.

AQShdagi ba’zi qonunchilar Pokistonni qaroridan voz kechishga ko’ndirmoqchi.