Amerika aeroportlarida tekshiruv yanada kuchaygan, dinni bahona qilmang, deydi rasmiylar

  • Amerika Ovozi

Huquq faollari nazarida badanni paypaslab tekshirish, skanerni ishga solish, diniy erkinlik va shaxsiyatga doir huquqni poymol qiladi

AQSh Transport xavfsizligi xizmati aeroportlarda tekshiruvni oshirmoqda. Qaysi din vakili ekanidan qat’iy nazar, har bir shaxs izchil ko’rikdan o’tishi shart, deydi rasmiylar.

Yaqinda Yamandan kelayotgan yukda portlovchi moslama aniqlangach, amaldagi choralarni yangilash ishlari boshlangan.

Transport xavfsizligi xizmati rahbari Jon Pistolning aytishicha, skanerdan o’tmayman deb turib olgan yo’lovchi samolyotga chiqmaydi. Diniy bahonalarga o’rin yo’q, deydi u.

Huquq faollari bu choraga e’tiroz bildirmoqda. Ular nazarida badanni paypaslab tekshirish, skanerni ishga solish diniy erkinlik va shaxsiyatga doir huquqni poymol qiladi.

Jon Pistolning aytishicha, aeroportda ayol yo’lovchini ayol xodim, erkak yo’lovchini erkak xodim ko’radi.

Transport xizmati rahbari jamoatchilikni sabr-toqatli bo’lishga, xurujlar xavfiga jiddiy qarashga chaqirmoqda. AQSh Senatining Ichki xavfsizlik bo’yicha qo’mitasi raisi Jo Liberman fikricha bu zarur chora.

“Terrorchilar yangidan yangi yo’llarni izlab topmoqda, zaif joylarimizni bilmoqchi, ehtiyot bo’lishimiz kerak. Yuk tashiuvchi samolyotlar hozir ularning diqqatida”, - deydi senator.

O’tgan oy Britaniya va Birlashgan Arab Amirliklari rasmiylari Yamandan kelayotgan yuk samolyotida portlovchi moslamani topgan edi. Yuk AQShning Chikago shahriga, ikki sinagogaga ketayotgan bo’lgan.

AQSh Bojxona va Chegara xizmati uchun mas’ul rasmiy Alan Bersinning aytishicha, Amerikaga har yili havo orqali 57 million posilka jo’natiladi. Nazoratni, yuklar tekshiruvini kuchaytirish kerak, deydi u.