AQSh aeroportlarida yangi qoidalar, yo’lovchilar qo’pol muomaladan shikoyat qilmoqda

AQSh aeroportlarida yangi qoidalar, yo’lovchilar qo’pol muomaladan shikoyat qilmoqda

So’nggi ikki yilda Qo’shma Shtatlarda bir necha terroristik hujumlar rejasi fosh etilgach, aeroportlarda yangi qoidalar joriy etilib, xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.

Bu degani yo’lovchilar boshdan oyoq, obdon tekshiriladi, badanni to’liq ko’radigan skanerlar yordamida. Ayrimlar nazarida bunday sinchkov tekshiruv odamning izzat-nafsiga tegish bilan barobar.

Har yili Shukronalik bayrami arafasida amerikaliklar yo’lga otlanadi, bayramni oila a’zolari bilan nishonlash uchun boshqa shtatlarga ravona bo’ladi. Aeroportlar tirband, bundan tashqari yo’lovchilar bu yili yana bir muammoga duch keldi.

Aksar aeroportlarda rentgen skanerlari o’rnatilgan bo’lib, passajirlar ulardan o’tishi kerak. Skaner orqali odam badanini ko’rish mumkin, bu esa norozilikka sabab bo’lmoqda.

“Umuman olganda qarshiman”, deydi bir yo’lovchi. “Texnologiyadan xar hil maqsadda foydalanish mumkin”.

AQSh aeroportlarida yangi qoidalar, yo’lovchilar qo’pol muomaladan shikoyat qilmoqda

Skanerdan o’tishni istamagan odam aeroport xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan qo’lda tekshiriladi.

“Hammaning yonida tikka qilib tekshirsa juda ham g’alati bo’larkan”, deydi bir ayol.

Tekshiruv sinchkov, ammo erkakni erkak, ayolni ayol tekshiradi. Jinsiy a’zolar ham nazoratdan chetda qolmaydi. Xavfsizlik xodimlari ba’zida haddidan oshadi, deydi ayrim yo’lovchilar.

AQSh Transport xavfsizligi boshqarmasiga ko’ra, 1-noyabrdan beri 35 million fuqaro havo transportidan foydalangan bo’lsa, ularning atigi 3 foizi shunday usulda tekshirilgan.

Yangi qoidalar yuzasidan ikki mingga yaqin shikoyat tushgan. Ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, aksar yo’lovchilar terror xurujlarining oldini olish uchun bunday choralar zarur deb hisoblaydi.

“11-sentabr voqealari hali ham esimda. Xavfsizlikni oshirish yo’lidagi har qanday chorani qo’llab-quvvatlayman”, - deydi bir amerikalik.

Transport xavfsizligi boshqarmasi rahbari Jon Pistolning aytishicha, uning idorasi odamlar shaxsiyatiga tegmasdan yangi qoidalarni tatbiq etishga harakat qilmoqda.

“Terror xuruji xavfi hamon yuqori, oldini olishimiz kerak. Shunday usullarni qo’llamasak bo’lmaydi”, - deydi Pistol.

Rasmiylar vaziyatni kuzatib boramiz va shunga qarab chora ko’ramiz demoqda. 2011 yilda yana 450 aeroportda skanerlar o’rnatish rejalangan.