AQSh Afg'onistonda yangi rahbar tezroq ish boshlaydi degan umidda

  • Amerika Ovozi

AQShning Afg'onistondagi elchisi Jeyms Kanningem

Vashington Afg’onistonni yangi prezidentni aniqlab, ikki oydan beri davom etayotgan mavhumlikka chek qo’yishga undamoqda. “Amerika Ovozi”ga bergan eksklyuziv intervyusida AQShning Afg’onistondagi elchisi Jeyms Kanningem avgust oxirigacha yangi davlat rahbari ishga tushishi kerak, deydi.

Bundan ikki oy oldin Afg’onistonda Tolibon tahdidlariga qaramay prezident saylovlari o’tkazildi. Ammo asosiy nomzodlar – Ashraf G’ani va Abdulla Abdulla - g’olib kimligi yuzasidan kelisha olmayapti.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri vositachiligida ular ovozlarni qayta sanashga va soxta byulletenlarni aniqlashga kelishib oldi. Sakkiz million ovoz elakdan o’tkazilmoqda.

AQShning Afg’onistondagi elchisi fikricha vaqtni boy bermay yangi rahbar uchun eshikni ochish kerak.

“Bu maqsadni ko’zlash muhim, chunki bu holda yangi prezident sentabr boshida NATO tashkilotining sammitida Afg’oniston nomidan qatnashish imkoniga ega bo’ladi. Yangi hukumat rahbari sifatida xalqaro hamjamiyat bilan aloqalarni mustahkamlaydi,” - deydi Kanningem.

NATO va AQSh shu yil oxirigacha Kobulga toliblar va boshqa isyonchilarga qarshi kurashda yordamlashadi. So’ngra harbiylarning missiyasi tugaydi. Agar yangi prezident xavfsizlik shartnomasini imzolamasa va bu bilan xalqaro harbiylarga afg’onlarga mashqlar o’tkazish va maslahat berishni ruxsat etmasa, 2015-yilda NATO va AQSh qo’shinlari mamlakatni tark etishga majbur bo’ladi.

Kanningem: “Shartnomani imzolash uchun aniq muddat yo’q, ammo biz va hamkorlarimiz muhim qarorlar qabul qilishimiz kerak”.

Prezidentlik lavozimini tark etishga tayyor turgan Hamid Karzay yangi rahbar iloji boricha tezroq qasamyod keltirishiga umid qilmoqda. Ammo ikki nomzoddan hech biri mag’lubiyatni tan olgisi yo’q.

AQSh hukumati raqiblarni mamlakat kelajagi uchun kelishishga undamoqda.

“Saylov jarayoni bir necha oyga cho’zilgani Afg’oniston xalqiga salbiy ta’sir qilganini ko’rish mumkin. Nazarimda, hamma jarayonning iloji boricha tezroq yakun topishiga umid qilmoqda,” - deydi AQShning Afg'onistondagi elchisi.

Xalq va dunyo ahli natijani intizorlik bilan kutmoqda. Kim ustun kelishidan qat’i nazar, Afg’onistonni to’g’ri yo’lga yetaklaydi degan umid bor.

Your browser doesn’t support HTML5

Afg'onistonda yangi rahbar qachon ishga tushadi? Afghanistan/New President