Ukrainada bo’lginchilarni Rossiya gijgijlayapti, deydi AQSh elchisi

  • Amerika Ovozi
Amerika Ukrainadagi notinchliklarda Rossiyani ayblashda davom etmoqda. Bo’lginchi kuchlarning harbiy tayyorgarligi oshib bormoqda, buning ortida Kreml turibdi, deydi AQShning Kiyevdagi elchisi Jeffri Payatt.

Your browser doesn’t support HTML5

Ukrainada bo’lginchilarni Rossiya gijgijlayapti, deydi AQSh elchisi/Shohruh Hamro


Atigi bir necha hafta oldin Ukraina sharqida binolarni egallab olgan rossiyaparast bo’lginchilar qalang’i-qasang’i odamlardan iborat edi. Bugun esa ular jiddiy harbiy kuch. O’tgan kunlar ichida Donetsk aeroportiga hujum qilishdi, Ukraina harbiy bazalarini bosib olishdi.

AQSh elchisiga ko’ra, ular o’zi buning uddasidan chiqa olmagan bo’lardi.

“Bu guruhlar Rossiya hududidan kirib kelayotgani haqida ishonchli dalillar bor. Nazarimda, Kreml bundan xabardor yoki ko’ra-bila turib yo’l qo’yib berayapti”, - deydi u.

Bo’lginchilar amalga oshirgan hujumlardan maqsad bitta, deydi diplomat. Ukrainada yangi hukumat tuzilayotgan bir paytda vaziyatni izdan chiqarish.

Jeffri Payatt mamlakatning katta qismida prezident saylovlari tinch o’tganidan mamnun. Mahalliy va xalqaro kuzatuvchilar qonunlarga amal qilinganini bayon qildi. Ammo Ukraina sharqida aksar aholi ovoz berishga chiqa olmadi.

“Umuman olganda, Ukraina tarixidagi eng erkin saylov bo’ldi, deb hisoblaymiz. Turli qarashdagi nomzodlar, tashkiliy jihatdan puxta tayyorgarlik va matbuotda saylov qanchalik xolis yoritilganiga qarab baho berdik. Ukraina bir qadam oldinga yurdi”, - deydi Payatt.

Amerika elchisi fikricha, Ukraina prezidenti deb ko’rilayotgan Petro Poroshenko xalq ishonchini qozongani ayon. Vashington u e’lon qilgan dasturni ma’qullaydi. Sharqni tinchlantirish, aholi bilan bog’lanish, korrupsiyani yengish va G’arb bilan hamkorlikni oshirish - ustuvor vazifalar.

“Bu vazifalar ukrainaliklar turmushini yaxshilashga, fuqaro institutlari uchun barqaror sharoit yaratishga, demokratik va adolatli jamiyat barpo etishga hissa qo’shadi”.

Qo’shma Shtatlar va boshqa davlatlar Ukrainaga iqtisodiy va harbiy madad uzatmoqda va kelajakda ham yordamni davom ettiradi.

“Masalan, Ukraina harbiylariga radio uskunalar yetkazish rejamiz bor. Zobitlar orasida kommunikatsiyani yaxshilash uchun. Ukraina oldidagi tahdidlar o’zgarib borayapti, armiya bunga moslashishi kerak”, - deydi elchi.

Ukrainada g’alayonlar o’tgan yili boshlangan edi. Yevropa bilan integratsiyadan voz kechgan rahbarlar kuchli qarshilik bilan yuzlashdi va hokimiyatdan ag’darildi. So’ngra Rossiya Qrimni bosib oldi.

Namoyishlarni AQSh uyushtirgan degan da’volarni elchi Jeff Payatt qat’iyan rad etadi. Ukraina xalqi o’z qadr-qimmatini tiklash uchun kurashdi, deydi u.