Saudiya qiroli AQShdagi sammitga bormaydi

  • Amerika Ovozi

Saudiya Arabistoni qiroli Solmon

Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vaziri Odil al-Jubayrning aytishicha, qirol Solmon shu hafta AQShda Prezident Barak Obama tashabbusi bilan uyushtirilayotgan AQSh-arab sammitida qatnashmaydi. Tadbir chorshanba kuni Oq uyda boshlanadi. Unda Fors ko'rfazi kengashiga a'zo olti mamlakat delegatsiyalari ishtirok etadi. Shundan so'ng muloqot AQSh prezidentining Kemp-Deyviddagi qarorgohida davom ettiriladi.

Jubayrning aytishicha, qirol sammitga o'zining valiahdi shahzoda Muhammad bin Nayefni yubormoqda. Jubayrga ko'ra, qirol qo'shni Yamanga doir masalalar bilan band bo'ladi. Bu mamlakatda gumanitar maqsadda besh kunlik sulh e'lon qilingan. Saudiya Arabistoni va Yamandagi hutiy isyonchilar harbiy harakatlarda tanaffusga kelishib olgan.

Vashingtondagi sammitda Qatar va Quvayt rahbarlari ishtirok etadi, xolos. Ummon sultoni va Birlashgan Arab Amirliklari prezidenti sog'lig'i tufayli qatnasha olmaydi. Bahrayndan ham AQShga shahzoda boradi.

Sammitda xavfsizlik rishtalarini kuchaytirish, Iroq, Suriya, Livan, Yamandagi mojarolarga umumiy yechim topish xususida gaplashiladi. Eron yadro dasturiga doir xalqaro muzokaralar muhokamasi ham kun tartibidan joy olgan.

Bu o'rtada Saudiya Arabistoni yetakchiligidagi koalitsiyaga a'zo davlatlar harbiy samolyotlari bugun ham Yamanda hutiylar pozitsiyalarini nishonga olgan. Qirollik chegarasiga yaqin Saada rayoni, Yaman janubi-g'arbidagi Taiz shahri, sharq tomonda neftga boy Marib viloyati bombardimon qilingan.

Besh kunlik sulh ertaga kuchga kiradi. Undan maqsad mojarodan aziyat chekkanlarga, muhtojlarga oziq-ovqat, yoqilg'i, dori-darmon yetkazishga imkoniyat yaratish. Hutiylar sulh taklifini kecha qabul qilgan.