AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Yevropada Ikkinchi Jahon urushi tugaganiga 70 yil to'lishi munosabati bilan tantanali marosimda qatnashmoqda. Safari paytida AQSh diplomati Fransiya Tashqi ishlar vaziri Loran Fabius bilan alohida ko'rishdi.
Ikki arbob Parijda Noma'lum askar qabriga gulchambar qo'ydi. Shaharda 1945-yilning 8-mayida Natsistlar Germaniyasi ustidan g'alaba katta shodiyonaga aylangan edi.
Kerri tashrifi davomida Fors ko'rfazi hamkorlik kengashiga a'zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashadi. AQSh bosh diplomati shu tariqa kelasi hafta ko'rfaz davlatlarining Oq uydagi sammitiga hozirlik ko'rayapti.
Kun tartibidagi asosiy mavzulardan biri - Yaqin Sharqda Eronning tobora oshib borayotgan ta'siri.
Kecha, payshanba kuni Riyodda Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vaziri Odil al-Jubayr bilan gaplashgan Kerri Yamanda besh kunlik sulhni muhokama qilgan edi. Sharoitga qarab sulh yangilanishi mumkin, deydi rasmiylar.
Yamanda isyonkor Hutiy shialari qonuniy hukumatga qarshi jang qilayapti. Mamlakatning katta qismi hozir Hutiylar qo'lida.
Kerrining aytishicha, u Saudiya mutasaddilari bilan bu haqda gaplashgan. Ayon bo'lishicha, Erondan madad olayotgan Hutiylar sulhni yoqlaydimi-yo'qmi, hali noma'lum. Yaman xalqi tinchligi haqqi - Hutiylar sulhni qo'llab-quvvatlaydi degan umiddamiz, deydi rasmiy.
Hafta boshida Yamanning BMTdagi elchisi Xavfsizlik Kengashiga maktub yo'llab, xalqaro hamjamiyatni Yamanga piyoda qo'shin jo'natishga undagan edi.
Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitisya Yamanda Hutiylarning manzillarini bombardimon qilmoqda. Mamlakatdagi isyonchilar sobiq prezident, 2011-yilda hukumatdan ketgan Ali Abdulla Solih bilan ittifoqdosh.