Breaking News

Amerika bosh diplomati notinch Somaliga safarda


Davlat kotibi Jon Kerri Mogadishu aeroportida. 5-may, 2015-yil.
Davlat kotibi Jon Kerri Mogadishu aeroportida. 5-may, 2015-yil.

AQSh bosh diplomati Jon Kerri bugun kutilmaganda Somaliga safar qildi. U urush girdobida qolayotgan bu davlatga borgan AQShning birinchi davlat kotibi.

Kerri bilan safar qilayotgan muxbirimiz Pam Dokinsning aytishicha, poytaxt Mogadishu aeroportida diplomatni Prezident Hasan Shayx Mahmud, bosh vazir va boshqa mutasaddilar kutib olgan.

Davlat departamenti so'zlovchisi Mari Harfning so'zlariga ko'ra, bosh diplomat xavfsizlik bobida hamkorlik, Somalida islohotlar sur'atini muhokama qiladi. Somalida kelasi yil saylovlar o'tishi kerak.

Oxirgi yillarda Mogadishu ancha bexatar bo'lib borayotgani tan olinadi, lekin hukumat hanuz al-Qoidaga aloqador guruh - al-Shabab bilan olishib keladi.

Jon Kerri Somali taraqqiyot sari yuz tutishiga umid bildirib, kelgusi safar kelganida shahar bo'ylab piyoda yurish imkoni bo'lishiga ishonch bildirdi.

Somali prezidentining aytishicha, poytaxt markazi o'tgan ikki yilga qaraganda o'zgargan. Yo'llar ta'mirdan chiqib, mashinalar tig'iz payt tez-tez kuzatiladi. Barqarorlikdan darak bu, deydi u.

AQSh diplomati, shuningdek, fuqarolik jamiyati yetakchilari bilan ko'rishadi va Afrika Ittifoqi qo'shinlariga Somalida tinchlikni ta'minlash yo'lida qilayotgan ishlari uchun minnatdorchilik bildiradi. 2011-yildan beri Afrika Ittifoqi armiyasi Somali harbiylari bilan birga al-Shababga qarshi kurashmoqda.

Eslatib o'tamiz, dushanba kuni Jon Kerri Keniyada bo'lib, yuz minglab qochqinlarga millionlab dollarlik yordam va'da qildi. Bu qochqinlarning aksariyati Somalidan ekani ma'lum.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG