Avstraliya va AQSh harbiy hamkorlikni kuchaytirmoqda

  • Amerika Ovozi

(Chapdan o'ngga) Avstraliya Tashqi ishlar vaziri Bob Karr, AQSh Davlat kotibi Xillari Klinton, Avstraliya va AQSh mudofaa vazirlari Stiven Smit va Leon Panetta matbuot anjumanida, Pert shahri, Avstraliya, 14-noyabr, 2012-yil.

AQSh Mudofaa vaziri Leon Panetta Avstraliya rasmiylari bilan muzokaralarda bu mamlakatda radar tizimi va fazo teleskopini o’rnatishga kelishib oldi. Bu bilan Qo’shma Shtatlar Osiyo va Tinch okeani mintaqasi osmonini nazorat etish salohiyatiga ega bo’ladi.

Avstraliya bilan hamkorlik, deydi Panetta, AQShning hududdagi siyosati uchun muhimdir. Ma’lumki, Qo’shma Shtatlar Osiyo va Tinch okeani mintaqasiga e’tiborni kuchaytirmoqda. Ayrim tahlilchilar nazarida bu Xitoy harbiy qudratining oshayotgani bilan bog’liq.

"AQSh-Avstraliya yillik xavfsizlik sammitida erishilgan bitim, mintaqada kuchlar muvozanatini ta’minlashga hissa qo’shadi", - dedi Panetta.

Avstraliyada AQShning ikki yarim ming askari safarbar etilishi kutilmoqda. Bu davlat Mudofaa vaziri Stiven Smitning aytishicha, qo’shinlarning bir qismi yetib kelgan. Ikki tomonlama bitimga ko’ra, Amerika Avstraliya dengiz portlaridan ham foydalanishi mumkin bo’ladi.

Kuzatuvchilar AQShning mintaqadagi faolligini Xitoyga bog’lasa-da, Amerika va Avstraliya rasmiylari buni inkor etmoqda. Avstraliya Tashqi ishlar vaziri Bob Karning aytishicha, sammitda Xitoy tilga olinmagan.