AQSh Boltiq davlatlariga minglab askar jo'natmoqda

  • Amerika Ovozi

Qo’shma Shtatlar Litva va Estoniya bilan mudofaa bobida hamkorlik bitimini imzoladi. Shartnomaga ko’ra, AQSh endi bu mamlakatlarni Rossiyadan himoya qilish uchun minglab askarlarini yuborishi mumkin. Ayni damda NATOga a’zo bir necha mamlakat askarlaridan iborat to’rtta batalyon Estoniya, Latviya, Litva va Polshaga safarbar etilmoqda.

Imzolangan bitim AQShning Estoniya va Litvada joylashtirilgan harbiylarining yuridik maqomini belgilaydi.

Chegaraning u tomonida esa undan-da ko’p rus qo’shinlari joylashgan.

Britaniyalik tahlilchi Jonatan Eyalning aytishicha, agar Rossiya bu davlatlarning birortasiga hujum qilsa, xalqaro qo’shinlar zarar ko’radi, demak, Rossiya nafaqat Polsha va Boltiq davlatlariga, balki NATOning u yerga askar yuborgan mamlakatlariga ham urush e’lon qilgan bo’ladi va bu mamlakatlar javob berishga majbur bo’ladi.

AQSh mintaqaga olti ming qo’shin, tanklar, og’ir qurollar va harbiy samolyotlar yubormoqda. Polshadagi NATO batalyoni AQSh qo’mondonligi ostida bo’ladi.

Biroq AQShda juma kundan prezidentlikka kirishayotgan Donald Tramp bu rejadan voz kechib, askarlar sonini qisqartirishi mumkin. Boltiq davlatlari bundan xavotirda.

“NATO ayni damda bo’linib qolgan. Ba’zi a’zo mamlakatlarda AQSh qo’shinlari bor, boshqalarida esa yo’q. Agar askarlar hududdan chiqarilsa, tashkilot birligiga jiddiy zarar yetishi mumkin”, - deydi ingliz eksperti.