Ben Karson musulmonlarga oid bahsli fikridan voz kechmoqchi emas

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Prezidentlikka respublikachi nomzodlardan, dastlab, milliarder Donald Tramp, endi esa shifokor Ben Karson musulmonlar haqidagi salbiy fikrlari uchun keskin tanqid ostida. Har ikki da'vogar bahsli gaplari bilan islomdan va musulmonlardan shubhalanadigan amerikaliklarning e'tiborini qozonishga urinib, Oq uyga noloyiq ekanini isbotlab turibdi, deya sharhlaydi "Vashington Post' gazetasi. Yakshanba kuni Karson AQSh rahbari musulmon bo'lishini hech qachon qo'llab-quvvatlamasligini bildirdi. Avvalroq esa Tramp musulmonlarni haqorat qilgan bir odamning fikrini inkor qilmadi.

Ogayoda saylovchilar bilan uchrashar ekan, Ben Karson o'z pozitsiyasini oydinlashtirishga harakat qildi.

"Bizda teokratiya bo'lishini istamayman. Konstitutsiyamiz yahudiy va nasoro qadriyatlariga asoslangani ham to'g'ri", - dedi u.

Ammo amerikalik musulmonlar uning gaplaridan g'azabda. Bu odam prezidentlikka munosib emas, deydi ular.

"50 yil oldin qora amerikaliklar prezident bo'lmasligi kerak, deb aytadigan odamlar bor edi. Fuqarolik huquqlari yetakchilari kurashi natijasida bugun afro-amerikalik prezidentga egamiz. Faollar orasida ko'plab musulmonlar bo'lgan, ", - deydi Musulmon jamoatchilik aloqalari kengashidan Robiya Ahmad.

Karson fikrini qoralab chiqayotganlar ichida boshqa din vakillari ham bor.

"Ben Karson biz plyuralitsik jamiyatda yashayotganimizni tushunishi kerak. Amerika Qo'shma Shtatlaridek davlatda dindor ham, dinsiz ham prezidentlikka nomzodini qo'yishi mumkin. Metodist, baptist, yahudiy yoki musulmon bo'lasizmi, buning ahamiyati yo'q", - deydi nasoro ruhoniy Greylan Hagler.

Demokratlardan prezidentlik uchun nomzod Hillari Klinton deydiki, davlat idorasiga saylanish uchun dinning ahamiyati yo'qligi konstitutsiyada belgilab qo'yilgan. Ammo respublikachilardan bu haqda jiddiy e'tiroz yangramadi.

"Siyosiy madad olish umidida ko'plab nomzodlar bunday qarashni quvvatlashga tayyor turganini ko'rdik", - deydi Oq uy matbuot kotibi Josh Ernest.

"Gallup" tadqiqot markazi o'tkazgan so'rovda ko'plab amerikaliklar, qaysi dinda bo'lishidan qat'i nazar, prezidentlikka loyiq har qanday odamga ovoz berishini bildirgan. 60 foizi musulmon nomzodni quvvatlashga tayyor.