Britaniya Yevropa Ittifoqini tark etar ekan, AQSh bosiqlikka undayapti

  • Amerika Ovozi

Britaniyada o’tkazilgan referendum natijasidan xavotirga tushgan AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Bryussel va Londonda Yevropa rasmiylari bilan vaziyatni muhokama qilmoqda.

Referendumda britaniyaliklarning 52 foizi Yevropa Ittifoqidan chiqish uchun ovoz bergan. Kutilmagan natija dunyo birjalarini, investorlarni tahlikaga soldi.

"Barcha rahbarlar barqarorlik va aniqlikni ta’minlash uchun, qimmatbaho qog’ozlar bozorining ostin-ustun bo’lmasligi uchun birgalikda hamkorlik qilishi muhim. Mushtarak qadriyatlar va manfaatlarni himoya qilishning dono yo’llaridan foydalanashimiz kerak”, - dedi Kerri.

Uning aytishicha, AQSh "Breksit" nomini olgan bu saylov natijasidan afsusda, ammo Britaniya va Yevropa Ittifoqi bilan yaqin aloqalarni saqlab qoladi. Britaniyaning blokdan ajralish jarayoniga bosiqlik va mas'uliyat bilan yondashish lozim, dedi AQSh bosh diplomati.

Referendum ketidan Britaniyaning Yevropa Ittifoqida qolishi uchun kurashgan Bosh vazir Deyvid Kameron iste’fosini e’lon qildi.

Shotlandiya birinchi vaziri Nikola Sturjen Britaniya siyosiy rahbarlarini layoqatsizlikda aybladi.

"Birlashgan Qirollikning kuchli rahbarlarga ehtiyoji bor bir paytda Konservativ va Leyboristlar partiyalari yetakchilari mas’uliyatni tashlab qo’ygani uyatli bir holat”, - dedi u.

Bu ikki yirik siyosiy partiya Britaniyaning ittifoq tarkibida qolishi uchun tashviqot olib borgan. Siyosiy faollar leyboristlar rahbari Jeremi Korbinni rahbarlikdan ketishga da’vat etmoqda.

Sturjenning aytishicha, Shotlandiya parlamenti Breksit natijasiga veto qo’yish vakolatiga ega. Shotlandiyaliklarning 62 foizi ittifoqda qolish uchun ovoz bergan.

Ayni damda referendumni yangidan o’tkazishga imzo to’planmoqda. Shu kunga qadar uch milliondan ziyod odam da’vatnomani imzoladi, bu esa masala Britaniya parlamentida muhokama etiladi, degani.