Britaniya kelasi oy Yevropa Ittifoqida qolish-qolmaslik masalasini ovozga qo'yadi. Ayrim faollarning ogohlantirishicha, agar yurt ittifoqda qolsa, Turkiyadan muhojirlar yopirilib keladi. Eslatish joiz, Turkiya ittifoqqa qo’shilishga har safar uringanida, Britaniya qarshi ovoz berib veto qo'yib kelgan.
“Chiqishga ovoz bering” kampaniyasi turklarning Yevropaga kelishiga qarshi chiqing, deya da’vat etadi. Bir faol hatto turklarni “qotillar, terrorchilar va odam o’g’rilari” deb atadi.
Britaniya qatori Yevropa Ittifoqining boshqa a’zolari ham Turkiyaning blokka qo’shilishiga qarshi.
“Yevropa Ittifoqi Vazirlar kengashiga a’zo barcha davlatlar yakdil bo’lib, bir qarorga kelishi kerak. So’ngra Turkiya ittifoqqa a’zo 28 davlatning har biri bilan shartnoma imzolashi shart. Ammo parlamentlar bunga qarshi chiqishi mumkin”, - deya jarayonni tushuntiradi Londonning Iqtisod maktabi professori Demian Chalmers.
Mart oyida Turkiya Yevropadan qochqinlarni qayta qabul qilishga rozi bo’lgan edi. Buning evaziga Anqara Bryusseldan ittifoqqa qo’shilish jarayoniga oydinlik kiritishni so’ramoqda. Ammo masala mavhum.
Britaniyadagi referendum natijasi Yevropa Ittifoqining Turkiya bilan munosabatlariga ta’sir qilishi mumkin.
So’rovlarga ko’ra, aksariyat britaniyaliklar ittifoqda qolish tarafdori. Bosh vazir Kameron blokdan chiqish mamlakat uchun inqirozni anglatadi, deb aytdi.