Yevropa Ittifoqi va Turkiya o’rtasida yaqinda erishilgan shartnomaga oid bahslar to’xtamayapti. Hujjatga ko’ra, bundan buyon Gretsiyaga kelgan muhojirlar Turkiyaga qaytariladi. Hozirda Gretsiyada 46 ming qochqin va muhojir bor, ular shartnoma aprel boshida imzolanishidan oldin kelgan.
Makedoniya politsiyasi Gretsiya chegarasini buzib, Makedoniyaga o’tmoqchi bo’lgan yuzlab iroqlik va suriyalik qochqinlarni ko’zdan yosh chiqaradigan gaz va granatalar bilan qarshiladi va ortga quvdi.
Bir necha kun o’tgach shunga o’xshash to’qnashuvlar chegaraning boshqa tarafida, Gretsiyaning Idomeni degan lagerida yuz berdi.
Makedoniya Mudofaa vaziri Zoran Jolevski qochqinlarni zudlik bilan ko’chirish kerak, deydi.
“Gretsiyada 55000 qochqin bor. Ular hujjatlari ko’rib chiqilib, qochqin maqomi berilganidan keyin darhol Yevropa Ittifoqining boshqa mamlakatlariga ko’chirilishi kerak”, - dedi u.
Ayrim ekspertlar fikricha, qochqinlarni Turkiyaga qaytarish uchun Egey dengizidan Yevropaga o’tadigan yo’lni yopish ularni boshqa, xavfliroq yo’llarni izlashga majbur qiladi.
Ammo Turkiya rasmiysi bunday xavotirlar asossiz, degan fikrda.
“Yevropa va Turkiya qonun-qoidalarga asoslangan immigratsion jarayonni yo’lga qo'ymoqchi. Yevropa suriyaliklarni qabul qilishda davom etadi, ammo qonunni buzganlarni emas, lagerlarga birinchi bo’lib yetib kelganlarni. Turkiya ham qochqinlarga yordam berishda davom etadi”, - dedi Turkiya Bosh vazir muovini Mehmet Shimshek.
Biroq Yevropa Ittifoqi-Turkiya o’rtasidagi shartnomani tanqid qilayotganlar yetarli chora ko’rilmayapti, degan fikrda.
“A’zo davlatlarni Gretsiya va Turkiyaga, ayniqsa, Gretsiyaga inson huquqlarini poymol qilmagan holda yordam berishga da’vat etamiz. Har bir ariza alohida ko’rilsin. Agar masala ijobiy hal bo’lsa, odamlar Yevropada qoladi, agar rad javobini olsa, Turkiyaga qaytariladi”, - deydi Yevropa Ittifoqining Byudjet va inson resurslari bo’yicha komissari Kristalina Georgieva.
BMTning qochqinlar idorasi masala yuzasidan keng ko’lamli chora ko’rish kerak, demoqda. Bunga allaqachon kelishilgan, deydi xalqaro tashkilot.
Shartnomaga ko’ra, turklarga keyingi oydan boshlab Yevropaga vizasiz kirishga ruxsat berilishi kerak. Yevropa Ittifoqining Migratsiya bo’yicha komissari Dimitris Avramopulosning bildirishicha, Turkiya, kelishuvga ko’ra, qochqinlar va muhojirlar oqimini kamaytirishning uddasidan chiqdi va shu bois Yevropa ham va’dasidan chiqib turklarga vizasiz qit’aga safar qilish imkonini beradi.
Ayni vaqtda Ittifoq Ukrainaning adliya va xavfsizlik sohalaridagi islohotlari evaziga bu mamlakat fuqarolariga Yevropaning 28 mamlakatiga 90 kunga vizasiz kirish imkonini bermoqchi.
Rasmiy Bryusselga ko’ra, Kiyev adliya va ichki ishlar masalasida keng ko’lamli va murakkab islohotlarni amalga oshirishga muvaffaq bo’ldi.
Ukrainaliklarga Shengen zonasiga vizasiz kirish huquqini berish haqida o’tgan dekabrda kelishilgan edi. Endi qarorni Yevropa Parlamenti tasdiqlashi kerak.