Gaz quvuri, freking va Yaqin Sharqdagi beqarorlik tufayli AQShda energetik mustaqillik atrofida bahslar qizimoqda. Yaqinda Amerikaning energetika va innovatsiya kengashi Kongress va Oq uyni energetika sohasidagi tadqiqotlarni ustuvor yo’nalish deb belgilashga da’vat etdi. Kengashga “Microsoft” rahbari Bill Geyts ham kiradi. Bunday izlanish o’tkazayotganlar orasida Brukxeyvn milliy laboratoriyasi ham bor.
Bu yangi, bir milliard dollarlik Sinxrotron Nur manbai omborxonasi. Nur manbai-2 dunyodagi eng yorug’ va murakkab rentgen nuri bo’lib, energiyadan samarali foydalanish yo’llarini qidiradi. Brukxeyvn loyihalaridan biri AQSh bo’ylab energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan.
“AQSh bo’ylab har bir xonadonga elektr energiyasi yetkizilayotganda anchasi yo’qoladi. Elektr liniyalari quvvati oshirilsa, mamlakat bo’ylab energiyaga talab ham pasayadi,” – deydi fizik-olim Styuart Uilkins.
Brukxeyvn muqobil energiya manbalari, xususan quyosh quvvatini olish bobida ham sinovlar o’tkazmoqda. Laboratoriya hamda bir necha ming xonadonni elektr energiyasi bilan ta’minlaydigan 32 megavattli quyosh batareyalari bor. Bu AQSh shimoli-sharqidagi eng yirik quyosh energiyasi stansiyasi. Bu masala bilan laboratoriya sharoitida shug’ullanuvchi Robert Lofaro quyosh energiyasining chegaralari haqida gapiradi.
“Quyosh batareyalariga kelib tushadigan quyosh nurining 16 foizi elektr energiyasiga aylanadi. Qolgani yo’qoladi. Buning oldini olishning yagona yo’li tejamkorlikni oshiruvchi yangi materiallarni qo’llash. Shunda ham imkoniyatlar cheksiz emas. Quyosh energiyasining ko’pi bilan 30 foizi elektr energiyasiga aylanadi, xolos, agar batareyalarda kremniy moddasi ishlatilsa,” - deydi Lofaro.
To’liq yoki qisman elektr energiyasida yuradigan avtomobillar ko’payar ekan, olimlar avtobatareyalarni ham o’rganmoqda. Brukxeyvn laboratoriyasi direktori muovini Jeyms Misevichning aytishicha, yangi nur manbai batareyalar tadqiqotlarini qaysi yo’nalishda olib borishni aniqlashda yordam beradi.
“Batareyalar ko’plab moddalardan tarkib topgan, ishlamay qolishining sabablari ham ko’p. Biz nanodarajada qattiq elektrolit interfeysni, ishlamay qolgan batareyada nima bo’lganini o’rganyapmiz,” - deydi u.
Brukxeyvn laboratoriyasida 2800 xodim ishlaydi. Har yili turli mamlakatlardan yana 400 olim u yerga borib, izlanish o’tkazishi mumkin. Byudjeti 700 million dollarga teng bu joyda Nobel mukofotini olgan yetti olim faoliyat yuritadi.