O'zbekiston-AQSh yillik maslahat kengashi arafasida, yangi bosh diplomat nima deydi?

Nisha Bisvol xonim ikki farzandi va turmush o'rtog'i hamda Davlat kotibi Jon Kerri va Oq uy boshqaruvchisi Denis Makdono guvohligida yangi lavozim bilan bog'liq hujjatlarga imzo chekmoqda, 21-noyabr, 2013, Davlat departamenti, Vashington

Vashingtonda yangrayotgan bayonotlarga ko’ra, Qo’shma Shtatlar Markaziy Osiyoda o’zgarmas maqsadlarga ega: xavfsizlikni ta’minlashda yordamlashish, iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash va jamiyatlarga siyosiy-ijtimoiy jihatdan rivojlanishda madad ko’rsatish. Mintaqa tinch va xotirjam, farovon, erkin va barqaror yashashidan manfaatdormiz, deydi AQSh rasmiylari.

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh-Markaziy-Osiyo-O'zbekiston-Nisha-Bisvol-Navbahor Imamova


Amerikaning Janubiy va Markaziy Osiyo bilan aloqalariga mas’ul diplomat, Davlat kotibining bu mintaqalar bo’yicha muovini, yaqinda tayinlangan Nisha Bisvol (Nisha Biswal) jurnalistlar bilan muloqotda (video) deydiki, Obama ma’muriyati har bir davlat bilan barcha imkoniyatlarni ishga solgan holda hamkorlik qilishga shay. Jami ikki milliardga yaqin aholi, 2 trillion dollarga yaqin hajmdagi iqtisodiy tizimlar haqida gap ketmoqda. Qozog’iston, O’zbekiston, Qirg’iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Afg’oniston, Pokiston, Hindiston, Bangladesh, Nepal, Bxutan va Maldiv orollarini qamrovchi ulkan hudud bu. Hindiston, dunyodagi eng yirik va jadal sur’atlarda taraqqiy etayotgan demokratik davlat uning markazida. Amerika uchun u bilan rishtalarni mustahkamlash ustuvor maqsad.

Murakkab, turli tuman muammolarga to’la, mojarolar avj olgan joylar, deya tan oladi Nisha Bisvol, Afg’oniston va Pokiston singari notinch mamlakatlarga ishora qilar ekan.

Diplomatning qator savollarga bergan javoblari va boshqa bayonotlarga qarab, shunday xulosa qilish mumkinki, Obama ma’muriyati mintaqaga pragmatik yondashishda davom etadi. Ya’ni, hukumatlar ra’yi va istagiga qarab harakat qiladi. Ikki tomonning manfaatlaridan kelib chiqqan holda ish tutadi. Mintaqadagi muammolarni Amerika emas, davlatlarning o’zlari hal etishlari kerak. AQSh qo’shnilar orasidagi mojarolarga aralashmaydi; katta loyihalarga mablag’ yo’q; cheklangan tarzda ko’maklashishi mumkin, ammo buni avvalo hamkor davlatlarning o’zlari xohlashi va zarur sharoit yaratib berishi kerak. Hech kimga siyosiy bosim o’tkazilmaydi. Hozirgi asosiy maqsad – Afg’onistondagi urushni tugatib, qo’shinlarni olib chiqish.

"Qay davlatda bo’lmasin, saylovlar tinch va adolatli o’tishini istaymiz", - deydi Nisha Bisvol, Afg’oniston va Hindistonda yaqinlashayotgan saylovlar xususida to’xtalar ekan.

Hukumatlar o’zgarishi o’ta nozik jarayon, deydi u, Amerika xalq, qonun va adolat tarafida.

Tojikistonda yaqinda o’tgan saylov Davlat departamenti tomonidan “adolatsiz” deya qoralandi.

O’zbekiston va Qozog’istonda keksa rahbarlar hokimiyatni qachon va qanday bo’shatadi, oqibatlar va ta’sir haqida Vashington lom-mim demaydi. O’zgarishni u mamlakat fuqarolarining o’zi qiladi, AQSh emas, deydi diplomatlar bu borada gap ochilganida.

Shu yerda Markaziy Osiyoga ko’rsatilayotgan yordam hajmi va mamlakatlar bilan tijorat ko’lamiga nazar tashlasak:

Qozog’iston bilan savdo aylanmasi bu yili qariyb 2 milliard dollar bo’lsa, O’zbekiston bilan 300 million, Turkmaniston bilan 200, Qirg’iziston bilan 90, Tojikiston bilan esa 50 million dollarga yaqin.

Yordam deganda esa bu respublikalar taraqqiyoti yo’lida ajratilayotgan mablag’ tushuniladi. Turli dasturlar amaliyoti uchun Qirg’izistonda bu yili 51 million dollar, Tojikistonda 40, Qozog’istonda 13, O’zbekistonda 11 va Turkmanistonda 6 million dollar sarflangan. 2014-yilga bundan sal kamroq mablag’ ko’zlangan.

Yangi Ipak Yo’li tashabbusi va mintaqaviy integratsiya qanchalik targ’ib qilinmasin, Vashington pozitsiyasi shuki, uning amaliyoti mintaqaning o’ziga bog’liq. Birdamlik yo’lidagi to’siqlarni bartaraf etish respublikalar irodasiga havola.

Davlat departamenti mintaqani integratsiyaga chorlab keladi, lekin o’zi ham e’tiborni ikki tomonlama aloqalarga bermoqda. Har bir respublika bilan yillik maslahat kengashlari yo’lga qo’yilgan.

Nisha Bisvol Vashingtonda jurnalistlar bilan muloqotda, 3-dekabr, 2013

10-11-dekabr kunlari O’zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligida katta delegatsiya Vashingtonda keng qamrovli muzokaralar olib boradi.

Xavfsizlik, iqtisod, inson huquqlari va demokratiya masalalari muhokamada bo’ladi. Bir necha qismli muloqotlarga nohukumat tashkilotlarning vakillari ham taklif qilinadi. Turli vazirliklardan rasmiylar qatnashadi.

Iqtisodiy hamkorlik o’tgan yillar ichida nisbatan jadallashdi. “GM-O’zbekiston” avtomobilsozlik korxonasi - namuna.

Markaziy Osiyoning har bir davlati bilan aloqani mustahkamlash niyatidamiz
Lekin, umuman olganda, korrupsiya chuqur ildiz otgan, moliyaviy tizimi qoloq respublika bilan biznes qilish qiyin.

Toshkent, albatta, yuqoridagi xulosalarga qo’shilmaydi. O’zgarishlar bor deya rasmiylar yangi qonunlar va yangi sheriklarni misol keltiradi. Amerika tadbirkorlari orasida O’zbekistonga qiziqish katta, ammo sarmoya qilishga kelganda, ular tuzumga ishonmaydi.

Xalqaro tashkilotlar va mahalliy faollar kuzatishicha hamda AQSh hisobotlarida qayd etilishicha, inson huquqlari va erkinlik bobida O’zbekistonda siljish deyarli sezilmaydi.

Avtoritar boshqaruv tabiati o’zgarishiga ishonch past. Islom Karimov rahbar ekan, yangilik kutish yaramaydi degan fikr Amerika siyosiy doiralarida keng tarqalgan.

Toshkentda prezident qizi Gulnora Karimova bilan bog’liq mashmashaga nisbatan ham AQSh biror fikr bildirishni xohlamaydi. Bu borada gapirish o’rinsiz, deydi rasmiylar.

Bu maslahat kengashlaridan foyda nima deb so’ralganida, diplomatlarning doimiy javobi shuki, ular orqali hukumatlar bugun bir-biri haqida yaxshiroq ma’lumotga ega, bir-birining dardini tushunadi va o’zaro manfaatlar ustida kelishish osonroq. Shunisi aniqki, o’zaro manfaatlardan birinchisi bu Afg’oniston, u yerdagi tinchlik.

Qo’shinlar olib chiqilar ekan, vaziyat yomonlashishi mumkin degan xavotir kuchli. O’zbekiston o’z tashvislariga nisbatan Obama ma’muriyatidan konkret reja va takliflar kutmoqda.

Vashingtonning umumiy javobi shunday: Askarlarni olib chiqqach, sizni unutib qo’ymaymiz. Serqirra hamkorlikka shaymiz, lekin siz bunga qanchalik ochiqsiz va tayyorsiz?

Kelasi haftadagi maslahat kengashlarida nima oydinlashadi, ko’ramiz.