AQSh kimyoviy qurollar bobida o'ziga xos tajribaga ega

Your browser doesn’t support HTML5

Kimyoviy qurollar - Chemical weapons

AQSh va Rossiya Suriya kimyoviy qurollarini yo’q qilishda muhim rol o’ynaydigan davlatlardan. Bu mamlakatlarga aynan qanday rol ajratilishi hozircha ma’lum emas. Har ikkisining bu borada tajribasi katta. Pentagon bu qiyin va qimmat jarayon, demoqda.

1980-yillarda Qo’shma Shtatlar 28 ming tonnadan ko’p kimyo arsenalidan qutulishni boshlagan edi. Bu murakkab jarayon, chunki kimyoviy moddalarni bo’lib-bo’lib yoqish kerak, toki havoga tarqalmasin.

AQSh Mudofaa vazirligiga ko’ra, arsenalning 10 foizi qolgan. Ularni Kolorado va Kentuki shtatlarida yoqish rejalangan.

Amerika o’z kimyoviy qurollarini 30 yildan beri yo’q qilolmay turgan bir paytda Suriya hukumati arsenalini qanday qilib qisqa vaqt ichida yo’q qilishi mumkin? Mamlakat prezidenti Bashar Assad Amerika televideniyesiga bergan intervyuda bir yil haqida og’iz ochgan.

"Suriya kimyoviy qurollarini qayerga olib borishadi, ularni yo’q qilish yoki zararsizlantirish uchun qancha vaqt ketadi? Bu tez bo’ladigan ishmas”, - deydi xavfsizlik masalalarini tahlil qiluvchi tashkilot eksperti Tim Braun.

Pentagon rasmiylari ko’makka tayyormiz, demoqda.

“Men va harbiylarning roli jarayonni nazorat qiluvchi Kimyoviy qurollarning oldini olish tashkilotiga rejalashtirishda yordam berishdan iborat. Diplomatik harakatlar ish bermasa, masalani harbiy yo’l bilan hal qilishga tayyormiz”, - deydi general Martin Dempsi.

Mudofaa vazirligi rasmiylarining tan olishicha, AQShda kimyoviy qurollarni zararsizlantirish bilan Suriya qurollarini yo’q qilish o’rtasida katta farq bor. Jarayonning qancha vaqt olishini va qanchaga tushishini hozir bilib bo’lmaydi.

AQSh kimyoviy qurollari maxsus idishlarga joylanib, ko’plab shtatlarga yuborilgan edi. Suriya omborlarida esa ular to’p-to’p bo’lib, bir nechta joyda saqlanmoqda.

Jarayon qimmat va uzoq vaqt talab qilishiga qaramay, deydi tahlilchi Tim Braun, AQShning ko’p yillik tajribasi asqatadi.

“Biz kimyoviy qurollarni Ikkinchi jahon urushidan oldin ham ishlab chiqarganmiz. Ularni ancha xavfsiz holatda saqlaganmiz hamda xavfsiz ravishda yo’q qiladigan inshootlarni yaratishda, sinashda va ishlatishda ko’p yillik tajribaga egamiz”.

AQSh rasmiylariga ko’ra, Suriyada fuqarolik urushi ketayotgan bir paytda bu ish bilan shug’ullanish o’ta qiyin bo’ladi. Biroq kimyoviy qurollar Assad hukumati nazorati ostida ekani hisobga olinsa, buning uddasidan chiqsa bo’ladi, deydi ular.