AQSh rasmiylari Pekinda Xitoy rasmiylari bilan muloqot o'tkazadi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Davlat kotibi Jon Kerri hamda Mudofaa vaziri Chak Xeygl shu hafta Xitoy rasmiylari bilan muzokara o’tkazish uchun Pekinga safar qilmoqda. Uchrashuvlarda Janubiy Xitoy dengizidagi bahslar, xususan, Vyetnam chegarasi yaqiniga o’rnatilgan Xitoy neft burg’ilari yuzasidan fikr almashilishi kutilyapti.

Xanoy da’vosiga ko’ra, Xitoy neft burg’ilari Vyetnamga qarashli hududga o’rnatilgan. Shuningdek, ular Xitoy kemalari vyetnamlik baliqchilarga kun bermayotganidan shikoyat qilmoqda.

Vyetnam Filippin bilan birga Xitoyga qarshi huquqiy da’vo qo’zg’amoqchi. Malayziya, Bruney va Tayvanning ham shunday shikoyatlari bor. Ayniqsa, Vyetnam katta tashvishda, deydi Amerika universiteti professori Xillari Men Leveret.

“Yaponiya va Filippin AQSh bilan mudofaa shartnomasi tuzgan. Hatto kichik orol bo’lsa ham, agar harbiy tahdid yuzaga kelsa, AQSh ularni himoya qilish majburiyatiga ega. Vyetnam bilan bunday kelishuv yo’q. Shuning uchun Xitoy unga ko’proq tazyiq o’tkazishi mumkin”, - deydi professor.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi bayonotiga ko’ra, masalani xalqaro sudga oshirishga urinayotganlar huquqiy normalarga zid ish tutmoqda.

“Ayrim davlatlar boshqa mamlakatlarning huquq va manfaatlarini o’zlashtirib olish uchun “qonun”ni o’rtaga suqmoqda. Aslida ular bu bilan noqonuniy harakatlarini haspo’shlashga urinyapti”, - deydi vazirlik so’zlovchisi.

AQSh Filippin harbiy dengiz kuchlarini oyoqqa turg’izishga yordam berayotgan bo’lsa ham, talash hududlar yuzasidan biror tomonning yonini olgani yo’q.

“Ammo Xitoy agressiv siyosat yuritsa, jim qarab turamiz degani emas bu. Qo’limizdan ko’p ish keladi. Ammo Obama ma’muriyati hozircha huquqiy noaniqlikni sabab sifatida ko’rsatib, aralashishni istamayapti”, - deydi amerikalik tahlilchi Maykl Oslin.

Uning so’zlariga ko’ra, bunday munosabat Xitoy bilan olib borilayotgan strategik va iqtisodiy muloqotning foydasini yo’qqa chiqaradi.

“Muloqotdan o’zi maqsad nima, degan savolni berishimiz kerak. Biror samara bergani yo’q-ku”, - deydi u.

AQSh rasmiylarining Pekinga tashrifi ortidan Xitoy harbiy dengiz floti Amerika boshchiligida Gavayi yaqinida o’tayotgan mashg’ulotlarga qo’shiladi. Birgalikdagi amaliyot ikki davlat o’rtasida ilk bor o’tkazilmoqda. Har ikkisi hamkorlik mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashga ijobiy hissa qo’shishini ta’kidlamoqda.