Virjiniyadagi muzeyda bolalar o'yin orqali aniq fanlarni o'rganmoqda

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Bolalar texnologiya markazida

Virjiniyadagi Bolalar ilm-fan laboratoriyasida qiz va o’g’illar eksperimentlar o’tkazib, bilim olishi mumkin. Ikkidan 12 yoshgacha bo’lgan bolalar fan, texnologiya, injenerlik va matematikaga oid tushunchalarni o’rganadi.

Eksperimentlar xonasidan boshlaymiz. Bu yerda Xoup akasi va onasi bilan birga shilliqni sinayapti.

“Juda qiziqarli o’yinlar o’ynadik. Mana bu magnit yelim bilan sinovlar o’tkazdik,” - deydi Xoup.

Bolalar doim boradigan joydan farq qiladi bu yer.

“Bolalarni tez-tez muzeylarga olib boramiz. Boshqalarida eksponatlarni faqat ko’rsa, bu yerda tegish ham mumkin ekan,” - deydi bolalar onasi.

“Bu Shimoliy Virjiniyadagi birinchi interaktiv ilmiy muzey,” - tushuntiradi laboratoriya direktori Nene Spayvi.

Ilmiy laboratoriyaning boshqa muzeylardan farqi - ota-onalar bolalar bilan birga eksperimentlarda qatnashishi mumkin.

Spayvi: “Oilaviy o’rganish yaxshi. Oila a’zolari bilan olingan bilim butun umrga esda qoladi, bolada o’rganish qobiliyatini shakllaydi, u yangi bilimga intila boshlaydi”.

O’rganadigan narsa esa juda ko’p. Kashfiyotlar Zonasi yoshi beshgacha bo’lgan bolalarga mo’ljallangan.

Yoshi kattaroqlarga Ilhom markazi ma’qul kelmoqda.

Shamol turbinasi yordamida bolalar aerodinamika qonunlarini o’rganmoqda.

Ustaxonada esa turli narsalar yasash imkoni bor.

“Oyoqlari flomasterdan yasalgan bu apparat o’zi yurib, rasm chizadi,” - deydi Henri ismli bola o'zi yasagan moslama haqida.

Qayerga bormasin bolalarga yordam beradiganlar ko’p.

“Savollari bo’lsa yoki u-bu narsa ularni hayratga solsa, javob beramiz, tushuntiramiz,” - deydi instruktorlardan biri Samanta Stefenson.

Xoup onasi bundan mamnun. “Ona sifatida aytishim mumkin: bolaga yordam berishga tayyor boshqa odamlar ham borligini bilish yaxshi. Ular yangi narsalarni o’rgatsa, sinovlarni birga o’tkazsa, albatta, yaxshi,” - deydi u.

Ikki oy oldin ochilgan Bolalar ilm-fan laboratoriyasiga bugungacha 10 mingdan ziyod odam keldi.

Muvaffaqiyat kaliti esa aniq – o’yin orqali bilim olish.