Olimlarning aniqlashicha, yo’qsil bolalar miyasi tovushni badavlat oila farzandlariga qaraganda boshqacha qabul qiladi. Shu bilan birga, musiqani tinglab o’rgangan kambag’al oilaning bolasi ravon fikrlay oladi. Los-Anjelesdagi bir maktabda o’g’il-qizlar ana shu usulda ta’lim olayapti.
16 yoshli Karina Reyes trombonni ko’rganida mahliyo bo’ldi qoldi.
“Tovushi ham, ko’rinishi ham juda g’aroyib. Qizlar bu asbobni odatda chalmasligi ham qiziq,” - deydi u.
Mana besh yildirki, Reyes “Harmony Project” nomli dastur doirasida musiqadan ta’lim olayapti.
Loyihadan maqsad kambag’al oilalardan, notinch mahalallalardan chiqqan bolalarga musiqani o’rgatish va maktabni tugatishda yordamlashish. Dastur kutilmagan boshqa yutuqlarga ham yetakladi.
“2008-yildan buyon bitiruvchilarimizning 93 foizi Dartmut, Tuleyn kabi nufuzli kollejlar va Nyu-York universitetiga kirdi,” - deydi "Harmony Project” asoschisi Margaret Martin.
Unga ko'ra, ayrim talabalar aniq fanlar sohasida ham tahsil olayotganini aytadi.
“Neyro-biologiya, muhandislik, tibbiy muhandislik, etnografiya. Bir o’quvchimiz Fulbrayt stipendiyasini oldi. Xayolimizga kelmagan yutuqlar!”
Sababini olimlar o’rgandi. Buning uchun ular bolalarning boshiga datchiklar o’rnatib, loyihadan oldin va undan keyin tovushning miyaga ta’sirini o’rgandi. Neyro-biolog Nina Kraus deydiki, kambag’al bolalar ovozlarni o’ziga to’q oila farzandlariga qaraganda boshqacha idrok etar ekan.
“Kambag’al bolalar tovushni batafsil, to’liq eshitmasligi, aniq idrok etmasligi ayon bo’ldi,” - tushuntiradi u.
Ammo ular musiqani o’rgana boshlaganidan ikki yil o’tib manzara o’zgardi.
“Musiqa darslariga qatnagan bolalarning asab tizimini o’rganib, ularning nutqi ravonlashganini, tiniq va lo’nda javob bera boshlaganini aniqladik. Dars soni ham katta ahamiyatga ega. Ya’ni ko’proq musiqa o’rgangan bolalar eng yaxshi baho oldi va boshqa muvaffaqiyatlarni ham namoyish qila oldi”.
Krausning aytishicha, tovushning miyaga ta’siri o’qishda nihoyatda ahamiyatli ekan.
“AQShda boy va kambag’al oilalar farzandlari orasidagi farqni yo’q qilishni istasak, har bir bolalar bog’chasida va har bir maktabda, birinchi sinfdan musiqani o’rgatishimiz kerak,” - deydi Margaret Martin.
Loyiha doirasida sanoqli bolalarni kuzatdik, xolos, deydi Nina Kraus.
“Gap bor yo’g’i yuz, ikki yuz o’quvchi haqida ketyapti. To’liq manzarani bilish qiyin bundan”.
Olimlar har xil shahar, shtatlarda minglab bolalarni kuzatsin, o’rgansin, deydi u. “Harmony Project” loyihasi qatnashchilari esa o’zimizdan qiyos, musiqa – koni foyda, deydi.
“Bu yerdan keyin darsga borsam, hamma narsani boshqacha qabul qilaman. Darsda faol qatnashaman. O’qituvchim va sinfdoshlarim bilan bemalol gaplasha olaman,” - deydi Ayvan ismli o'quvchi.
“Matematikani o’rganish ancha osonlashdi. Sanash, ko’paytirish yoki bo’lish ham osonroq. Ha, musiqaning foydasi bo’ldi,” - deydi yana biri.
O’quvchi qizlarning onasi ham xursand.
“Kuy-musiqa olamiga kirganidan boshim osmonda”.
Reyes va boshqa o’quvchilar maqsad faqat dars va o’qish emas, deydi. Muhim sabablardan yana biri - bu yerda bolalarning tanishlari doirasi kengayadi, ular do’st orttiradi.