Breaking News

Global yoshlar lagerida o'smirlar dunyoni o'rganmoqda


Global yoshlar lageri
Iltimos, kuting...
Embed

No media source currently available

0:00 0:02:22 0:00

Yoz davomida ko’plab yoshlar hordiq chiqarishni afzal ko’rsa-da, Virjiniyaning Bedford shaharchasidagi yigit-qizlar bundan mustasno. Ular “Xalqaro meros” tashkiloti uyushtirgan 12 kunlik Global yoshlik qishlog’i yozgi lagerida tahsil olmoqda. Jahon yoshlari yuz tutayotgan muammolarni o’rganib, ularni qanday bartaraf etish, tinchlik va inson huquqlari himoyasini ta’minlash mavzularida fikr almashadi. Dasturda shu paytgacha 100 dan ortiq mamlakatdan 4000 dan ziyod yosh ishtirok etgan.

Kofi Jirva yangi do’stlariga Gana milliy raqsini o’rgatmoqda. 15 yoshdan 18 yoshgacha bo’lgan 22 o’smir Xitoy, Eritreya, Liviya, Polsha va AQSh kabi davlatlardan tashrif buyurgan.

“Ko’plab har xil odamlarni uchratib shunga amin bo’ldimki, madaniyatlarimizda tafovut ko’p, ammo o’xshash jihatlarimiz ham oz emas ekan”, - deydi Kofi.

Global yoshlik qishlog’ida Kofi o’zi kabi boshqa o’smir yigitlar bilan bir xonada yashamoqda.

“Ular bilan aka-ukalardekmiz. Ko’plab jinniliklar ham qildik. O’zimni xuddi uydagidek his qilyapman”, - deydi u.

Bu yosh yigit liderlik mahoratini oshirish niyatida.

Amerikalik Gonoz Okampoga ko’ra, Kofi tug’ma yetakchilik qobiliyatiga ega.

“U mas’uliyatli, qattiq ishlaydi. O’z ishini yaxshi biladi”, - deydi u.

Dastur turli davlatlardan kelgan yoshlarni o’zaro muloqot o’rnatishga hamda hamkorlik qilishga da’vat etadi.

Maqsadimiz dunyoni yaxshiroq maskanga aylantiradigan global fuqarolarni tarbiyalash, deydi murabbiylardan biri Toni Santa Ana.

“San’at, o’yin-kulgi va raqs orqali ular uyg’un va tinch hayot qurish imkoniyatiga ega bo’ladi”, - deydi u.

Kofi san’at darsida o’z mahoratini namoyish etmoqda.

“Har kuni yangi narsa qilaman. Shuning uchun dizaynlarimning barchasi o’ziga xos”, - deydi u.

Kofi hatto she’r yozishni mashq qilmoqda.

Santa Ananing aytishicha, san’at darsi Kofining dunyoqarashini kengaytirmoqda.

“U odatda his-tuyg’ulari haqida gapirmaydi. Tuyg’ularni san’at orqali ifodalash uning ochilishiga yordam berdi”, - deydi murabbiy.

Bir-birimiz haqimizdagi noto’g’ri tasavvurlarga ham barham beryapmiz, deydi Kofi.

“Mahalliy amerikaliklar tanasi, televizorda ko’rsatishadigandek, qip-qizil emas. Odamlar meni Afrika kiyimlarini kiysa kerak, deb o’ylashadi. Aslida esa g’arbona kiyinaman”, - deydi u.

Kofi bu yerda olgan taassurotlari unga bir umr hamroh bo’lishini aytadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG