AQSh Federal tergov byurosi direktori Kris Reyning aytishicha, Xitoyda hukumat xakerlari AQShning muhim infratuzilmalarini nishonga olmoqda. Bayden ma’muriyati ikki raqib davlat o’rtasidagi ziddiyatlarni yumshatish maqsadida Pekin bilan muloqotni yo’lga qo’yishga intilmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
“Xitoy hujum qilishga qaror qilgan paytda tartibsizliklarni keltirib chiqarish va Amerika fuqarolari va jamoalariga zarar yetkazish maqsadida xitoylik xakerlar Amerika infratuzilmasini ko’z ostiga olmoqda”, - dedi Rey.
Xitoy AQShning xakerlar faoliyati haqidagi da’volarining asossiz ekanini ta’kidlaydi.
Rey qonunchilarni Xitoy tahdididan ogohlantirayotgan bir paytda AQShdagi boshqa rasmiylar Xitoy bilan qoradori savdosiga qarshi kurashda yangi hamkorlik boshlanganini o’zaro ziddiyatlarning susayishiga isbot tariqasida keltirmoqda.
Ikki mamlakat sun’iy idrok bo’yicha muhokamalar boshlagan, harbiylar o’rtasida muloqot tiklandi.
“Prezident Bayden va Prezident Si yaqin kunlarda telefon orqali muloqot qilishi kerakligiga kelishdik. Ikki rahbarning so’nggi uchrashuvidan qilingan xulosa shuki, rahbarlarning yuzma-yuz muloqoti o’rnini hech narsa bosa olmaydi”, - deydi AQSh Milliy xavfsizlik maslahatchisi Jeyk Sallivan.
AQShda noyabr oyida prezident saylovi kutilar ekan, Vashington g’anim davlatlar tomonidan saylovga aralashuv ehtimolidan xavotirda.
“Xitoy prezident sayloviga aralashishda o’ta ehtiyot bo’ladi. Kongressdagi saylovlarga ma’lum darajada botlar orqali, onlayn faollik orqali aralashuv bo’ladi deb o’ylayman, ayniqsa Kongressga nomzodlarning ba’zilari Xitoyga nisbatan o’ta agressiv yondashgan bo’lsa”, - deydi Texas universitetidan Jeremi Suri.
Matbuotdagi xabarlarga ko’ra, Jo Bayden va Si Zinpin o’tgan yil noyabrida Kaliforniyada uchrashganida Xitoy rahbari uning mamlakati AQSh saylovlariga aralashmasligi haqida va’da bergan.
“Bayonotlarimizda hamda turli mamlakatlar rasmiylari bilan xususiy muloqotlarimizda saylovlarimiz erkin va halol o’tishini ta’minlashga harakat qilishimizni ochiq aytib kelamiz. Ular hamisha shunday bo’lgan va bundan keyin ham shunday bo’ladi”, - deydi Milliy xavfsizlik kengashi so’zlovchisi Jon Kirbi.
O’tgan yili Xitoy-AQSh munosabatlaridagi past-balandliklardan so’ng aloqalar hozir ancha barqarorlashgandek ko’rinadi.
“Buning uchun Bayden ma’muriyati ancha faol harakat qildi, Xitoy bilan muloqot nuqtalarini topdi. Xitoy ham 1-2 yil oldin bo’lmagan xayrixohligini namoyish etdi”, - deydi Garvard universiteti eksperti Rana Mitter.
Yaqin Sharqda mojaro kengayishi ehtimoli fonida Oq uy ma’muriyati Xitoy bilan aloqalardagi hozirgi barqarorlikni saqlab qolishga intilmoqchi.