Xitoyda amerikalik talabalar soni ortmoqda

  • Amerika Ovozi
AQShda o’qiyotgan xitoylik talabalar soni o’tgan yili 23 foizga o’sib, 200 mingdan oshdi. Xitoyda tahsil olayotgan amerikaliklar esa bundan ancha kam. AQSh Davlat departamenti Xitoydagi amerikalik talabalar sonini 100 mingdan oshirishni rejalamoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xitoydagi AQSh talabalari, Behzod Muhammadiy


Kristi Sivetta “100 ming kishilik tashabbus” nomli loyiha asosida Pekinda tahsil olayotgan minglab amerikaliklardan biri. Dasturdan maqsad Xitoyda o’qiyotgan amerikaliklar sonini oshirish.

“Bu yerda o’qib, hamma narsani o’z ko’zingiz bilan ko’rasiz. Xitoyda nimalar bo’layotganiga shaxsan guvoh bo’lasiz. Mintaqa bo’yicha ixtisoslashishni istasangiz, bu juda muhim”, - deydi u.

Sivetta Pekindagi Til va madaniyat universitetida Amerikaning Global ta’lim ittifoqi nomli nodavlat tashkiloti dasturi asosida xitoy tilini o’rganyapti. 2010-yilda AQSh Davlat departamenti e’lon qilgan dastur keyingi yilgacha Xitoyda o’qiyotgan amerikalik talabalar sonini 100 mingga yetkazishni rejalaydi.

Dasturda Xolli Channing “Penyu loyihasi” nomli tashkiloti ham qatnashmoqda. Pekinda joylashgan bu guruh Xitoyda o’qigan yoki yashagan talabalar o’rtasida o’zaro aloqa o’rnatishga ko’maklashadi. Channing aytishicha, o’qish paytida orttirilgan do’stona aloqalar AQSh-Xitoy munosabatlariga ijobiy ta’sir qilishi mumkin.

“Biz ikki qutbli dunyoda yashayapmiz. Davlatlar o’rtasida ziddiyatlar kuchli. Madaniyatlar orasida tushunmovchiliklar ko’p. Odamlar o’rtasida shaxsiy aloqa, do’stlik o’rnatilmaguncha, bu davlatlarning hamkorlik qilishi qiyin”, - deydi Chan.

Xitoy hukumati ham ta’lim dasturlariga e’tiborni oshirmoqda.

“Pekin 20 ming talaba uchun grant ajratmoqchi. Bu kutilmagan yangilik. Demak, ularda ham qiziqish bor”, - deydi Xitoyda ish olib borayotgan mutaxassis.

Xorijda o’qish dasturi doirasida Sivetta Pekinning tarixiy qismida joylashgan “Qora Sezam” restoranida oshpazlik sirlarini o’rganmoqda.

Sivetta u yerda milliy xitoy taomlarini tayyorlash bilan birga xitoy tilida gapirish malakasini ham oshiradi.

“Bu sohani kasb sifatida o’zimga tanlamasam-da, dunyo pazandalik san’atining xitoycha sirlarini o’rganish men uchun ajoyib tajriba bo’ldi”, - deydi amerikalik talaba.

AQShda o’qiydigan xitoyliklar soni Xitoydagi amerikalik talabalar sonidan 12 baravar ko’p. “100 ming kishilik tashabbus” dasturi yordamida yaqin orada Xitoyga borayotgan amerikalik talabalar oqimini oshishi mumkin.