Oq uy rasmiysi Tom Donilon Pekinda

  • Amerika Ovozi

AQSh milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchisi Tom Donilon, Xitoy rahbari Si Zinpin

Xitoy prezidenti Si Zinpin nazarida Pekin va Vashington aloqalari hal qiluvchi bosqichda. O’tmishdagi yutuqlarga tayanib kelgusi muvaffaqiyatlarga sharoit hozirlaydigan palladamiz hozir, deydi u.

Your browser doesn’t support HTML5

Oq uy rasmiysi Tom Donilon Pekinda


Munosabatlar tarang bir paytda Xitoy rahbari AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo’yicha maslahatchisi Tom Donilonni qabul qildi.

Tom Donilon kelasi hafta AQShda prezidentlar Barak Obama va Si Zinpin o’rtasida kechadigan muzokaraga taraddud ko’rish maqsadida Pekinda.

AQShning Milliy xavfsizlik bo’yicha maslahatchisi ta’rificha, sammit Vashington-Pekin rishtalarini atroflicha muhokama qilish uchun noyob imkoniyatdir. Anjiman 7-8-iyun kunlari Kaliforniya shtatida o’tishi rejalangan.

Xitoyda har 10 yilda bir bor amalga oshadigan hukumat almashinuvidan bir necha oy o’tib, ikki davlat orasi sovuqlashgan. O’rtada ishonch yo’qolib borayapti.

Ikki davlat, xususan, Shimoliy Koreya va Eron yadro dasturi borasida kelishmaydi. Xitoy milliy valyutasi – yuan qiymati yana bir bahsli mavzu. Xitoy ichidan amalga oshirilayotgan kiber-xurujlar yuzasidan ham AQSh noroziligi tobora kuchayib bormoqda. Xitoy, Yaponiya va Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari o’rtasidagi talash hududlar taranglikni oshirayapti.

Xitoy prezidenti Si Zinpin “rahbar bo’lgan kunim AQSh yetakchisi Barak Obama bilan telefonda gaplashib olgan edik”, deydi. Ikki arbob o’zaro aloqalarni yaxshilashga va yangicha yondashuvni izlashga kelishib olgan.

Tom Donilon mart oyida qilgan chiqishida yangicha yondashuv yaqin hamkorlik va muntazam axborot almashinuvini talab qiladi, degan edi. Ayniqsa, harbiylar o’rtasida kengroq dialogni yo’lga qo’yish, iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash va kiber-xavfsizlikka e’tiborni oshirish lozim, dedi Amerika rasmiysi.

Pekindagi Renmin Universitetida siyosiy tahlilchi Chen Syaoxe nazarida Xitoy va Amerika aloqalarida yangicha yondashuv bir-ikki sammitda hal qilinadigan masala emas. Buning uchun 10-20 yil kerak bo’lishi mumkin, deydi u.

Tom Donilon ertaga Xitoy mudofaa rasmiylari bilan gaplashib, so’ng Vashingtonga qaytadi.