AQSh va Xitoy o’zaro investitsiya ko’lamini oshirish xususida muzokaralar boshlaydi. Vashingtonda o’tgan muloqotda bu borada fikr almashildi. Yangi bitim imzolansa, amerikalik sarmoyadorlarning Xitoy bozoriga kirish imkoniyatlari yanada kengayadi.
Your browser doesn’t support HTML5
Xitoy ilk bor iqtisodiyotining barcha jabhalariga xorijdan sarmoya kiritilishiga izn berdi. Bu Pekindagi yangi rahbariyatning kelajakka yangicha yondashuv bilan qarayotganini ko’rsatadi, deydi AQSh Moliya vaziri Jeykob Lyu.
“Ular iqtisodiyotga bozor talablaridan kelib chiqib yondashish lozimligini biladi. Bir-birimizga eshiklarimizni ochishimiz kerak. Xitoy sarmoyasining AQShga kirib kelishiga rozimiz. AQSh sarmoyadorlari ham Xitoyga kirishini istaymiz”, - deydi rasmiy.
Pekin va Vashinton moliyaviy boshqaruv, huquq-tartibot va buxgalteriya standartlari bo’yicha aloqalarni kuchaytirishga kelishib oldi. Xitoy Vitse-primyeri Vang Yang bularni muhim qadam, deb hisoblaydi.
“AQSh Xitoy moliya institutlarining Amerika bozoriga sarmoya kiritishiga qarshi emas. Har ikki davlat uchun manfaatli hamkorlikda o’zaro ishonch va tushunish muhim ahamiyatga ega”, - deyi rasmiy.
Ikki tomonlama savdo o’tgan yili qariyb 500 milliard dollarni tashkil etgan. Sarmoyani oshirish har ikki mamlakat iqtisodiyotiga ham katta foyda keltirishi aniq. Ammo buni AQSh Senatining uchdan ikki qismi ma’qullashi kerak.
Senat Xitoy kiberxurujlaridan ga’zabda. Uchrashuvlarda bu haqda ham gaplashildi, deydi AQSh Davlat kotibi o’rinbosari Bill Berns.
“Bir-birimizga yaqinlashtiradigan texnologiyalar, ayni paytda, yangi muammolarni ham yuzaga chiqaradi. Bu hafta olib borgan muloqotimizda savdo sirlari, intellektual mulk va maxfiy biznes ma’lumotlarining o’g’irlanishi qabul qilib bo’lmas hol ekanini ta’kidladik”, - deydi u.
Xitoy esa bu ayblovlarni inkor etadi. Milliy Xavfsizlik agentligi sobiq xodimi Edvard Snouden oshkor etgan ma’lumotlarda AQSh Xitoyga qarshi josuslik amaliyotlarini olib borayotgani ma’lum bo’lgach, Pekinning e’tirozi yanada kuchaydi.
“Xitoy muntazam xakerlik hujumlariga uchraydi. Xitoyning mavqei shuki, barcha davlatlarda kiber xavfsizlik ta’minlanishi uchun BMT xalqaro kiberxavfsizlik qoidalarini ishlab chiqishi kerak”, - deydi Xitoy davlat maslahatchisi Yang Jiechi.
Janubiy va Sharqiy Xitoy dengizlaridagi talash hududlar haqida gapirar ekan, Yang bu munozaralarining muloqot orqali hal qilinishini AQSh qo’llab-quvvatlashiga umid bildirdi.
“Har ikki tomon mamlakatlararo aloqalarning yangi modeli Osiyo-Tinch okeanidan boshlanishi lozimligi haqida yakdil fikrda. Biz mintaqa bo’yicha navbatdagi maslahatlashuvni kuzda o’tkazishga va Osiyo-Tinch okeanida tinchlik va barqarorlikni birgalikda qo’llab-quvvatlashga kelishib oldik”, - deydi Xitoy rasmiysi.
Uchrashuvlarda Suriyadagi urush, Afg’onistondan xalqaro kuchlarni chiqarish hamda Eron va Shimoiy Koreyaning yadro dasturlari haqida ham gaplashilgan.