AQShga qarashli qiruvchi samolyotlar Amerika va Kanada hududlarida havodagi yana ikkita jismni urib tushirdi. Ularning qoldiqlari ushbu jismlarning nima ekanini aniqlab berishi kerak.
Your browser doesn’t support HTML5
Milliy xavfsizlik maslahatchisi Jeyk Sallivan bilan yopiq uchrashuv ketidan demokrat senator Chak Shumer shu haqda qisqacha ma’lumot berdi.
“Xitoy havo sharidan ancha kichik jismlar ekan. Biri Kanada ustida, ikkinchisi Alyaska ustida 12 ming metr balandlikda edi. Ularning tijoriy samolyotlarga xavf ekani aniqlandi”, - deydi qonunchi.
So’nggi bir haftada urib tushirilgan uchar jismlarning nima va nimalarga qodir ekanini aniqlash vaqt talab qiladi.
“Oq uy ma’muriyati qo’lidagi barcha ma’lumotlarni nega ulashmayotgani meni xavotirga solyapti”, - deydi demokrat kongressmen Jim Xayms.
Uning respublikachi hamkasbi Mayk Tyornerning aytishicha, so’nggi voqealar AQSh havo mudofaasini kuchaytirishni taqozo etadi.
“Radar tizimlarimiz kuchli emas, raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimimiz integratsiylashmagan. AQSh havo sarhadlari mudofaasi tizimini o’rganib chiqish kerak bo’ladi”, - deydi u.
Respublikachi qonunchi Jeyms Komer Bayden ma’muriyati masalaga jiddiy yondashayotganini olqishlarkan, Xitoyni Amerikaga katta tahdid deb atadi.
“Ularning harbiy qudrati oshib bormoqda. Dunyo bo’ylab “Kamar va yo’l tashabbusi”ni rivojlantirishyapti va dunyo iqtisodiyotida hukmron bo’lishga intilishmoqda”, - deydi u.
Pentagon rasmiylariga ko’ra, Alyaska uzra urib tushirilgan jism muzlagan suvlarga tushgan bo’lib, uning qoldiqlarini topish o’tgan hafta Atlantika okeani ustida urib tushirilgan havo shari qoldiqlarini topishga qaraganda tezroq bo’ladi. Kanadada ham qidiruv ishlari boshlangan.
Ulkan havo sharining josus ekani, unda ma’lumot to’plovchi asboblar bo’lgani aytiladi.
Ayrim qonunchilar aerostat darrov urib tushirilmaganidan norozi. Mudofaa vazirligi buning sabablarini tushuntirib berdi.
“Bizda sharni bir oz kuzatish, Xitoy salohiyatiga baho berish, bundan tashqari, turli variantlarni ko’rib chiqib, qoldiqlarining fuqarolarga zarari tahdidini kamaytirish imkoni bo’ldi”, - deydi vazir yordamchisi Melissa Dalton.
Biroq aksariyat respublikachi qonunchilar Oq uy ma’muriyati bergan izoh va tushuntirishlarni jiddiy qabul qilmayapti. Demokrat senator Bob Menendes fikricha esa, bu voqea AQSh-Xitoy munosabatlarida burilish yasashi mumkin.
“O’zini mas’uliyatli deb ko’rsatayotgan davlat tomonidan mamlakatimiz suverenitetining qo’pol buzilishi. Bu Xitoy hukumatidagi ayrim kuchlarning katta xatosi yoki Xitoy hukumatining qat’iyatimizni sinashidir”, - deydi u.
Vakillar palatasidagi qonunchilar o’tgan hafta bir ovozdan Xitoyni qoralovchi rezolyutsiya qabul qildi.
AQSh hukumati Xitoy harbiy doiralarida havo sharini Amerika tomon uchirishga aloqador shaxslar va tashkilotlarga sanksiya qo’yishni ko’zlamoqda.