AQSh Kongressi Vakillar palatasi a'zosi Kristofer Smit Prezident Donald Trampdan Xitoy rahbari Si Zinpin bilan muzokaralarda Pekinning uyg’urlar va boshqa musulmon aholiga nisbatan qo’llayotgan ommaviy qamoq va bosim masalasini ko’tarishga chaqirmoqda. Ikki davlat rahbari joriy hafta so’ngida “Katta yigirmalik” sammiti doirasida Argentinada uchrashib, savdoga doir bahsli mavzularni muhokama qilishi kutilmoqda.
Smit quyi palatada Respublikachilar partiyasidan vakil bo'lib, ikki asosiy partiya qonunchilaridan iborat Xitoy bo'yicha ijroiya komissiyani boshqaradi. U Xitoy g'arbida yashovchi uyg'ur aholi huquqlarining toptalishini qoralovchi qonun loyihasini Vakillar palatasida taqdim etdi. Smitning Senatdagi partiyadoshi, komissiyaga hamraislik qilayotgan Marko Rubio ham Senatda o'xshash hujjat qayd etdi.
Xitoy hukumati uyg’ur, qozoq va boshqa mayda elat vakillarini ommaviy ravishda qamayotganlikda ayblanmoqda. Pekin diniy ekstremizmga qarshi kurashayotganini da'vo qiladi.
Biroq sobiq mahbuslarga ko'ra, jazo lagerlari va qamoqxonalarda siyosiy tashviqot olib borilmoqda, mahbuslar islom dinidan voz kechishga, Kommunistik partiya mafkurasiga sadoqat bildirishga majbur etilmoqda
“Amerika Ovozi” bilan suhbatda kongressmen Smit Prezident Trampni "Global Magnitskiy qonuni"ni ishga solib, uyg’urlarga qarshi jinoyatlarga javobgar shaxslarga nisbatan chora qo’llashga chaqirishini aytadi.
“Gap bu yerda Amerika qadriyatlari emas, Xitoy hukumati ham o’z zimmasiga olgan, global miqyosda tan olingan inson huquqlari qadriyatlari haqida ketmoqda”, - deydi Smit.
Qonunchi Xitoyni uyg’urlarga qarshi genotsidda ayblab, ularning xatti-harakatlarini zamonamizda ilk bor uchrayotgan holat deb atadi. Smit, shuningdek, Xitoyning AQShdagi elchisi Suy Tyankayning AQSh sanksiya joriy qilsa, Pekin qarshi chora qo’llashi haqidagi tahdidini qoraladi.