Korrupsiyaga qarshi kurash kuchli jurnalistika va mustaqil adliya talab qiladi

  • Amerika Ovozi

Aybdor deb topilsa, Bob Makdonnell va rafiqasi o’nlab yilga ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Virjiniya shtati sobiq gubernatori Bob Makdonnell bilan bog’liq korrupsiya ishi hozir sudda. Respublikachi arbob qimmatbaho sovg’alar olganlikda, poraxo’rlikda ayblanmoqda. Gap 165 ming dollarlik hadya va kreditlar haqida ketmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Amerika siyosiy maydonidagi korrupsiya ishlari - Navbahor Imamova

Xalq manfaati uchun kurashaman deya hokimiyatga kelgan Bob Makdonnell endi o’zini sudda himoya qilmoqda.

Virjiniya shtati tarixida gubernatorlar bunday kunga tushmagan edi hali.

“Makdonnell shu qadar ahmoqmi-a?” - deya ajablanadi virjiniyaliklardan biri.

Gubernatorlik paytida uning oilasi yirik tadbirkor Jonni Vilyamsdan qimmat sovg’alar, shuningdek, naqd pul, jumladan qizining to’yini o’tkazish uchun 15 ming dollar olgan.

Makdonnellning advokatlari deydiki, gubernatorning rafiqasi Morin biznesmenga ko’ngil qo’ygan, bu esa jinoyat emas. Hadyalar pora bo’lmagan, samimiy ehson xolos, deydi oqlovchilar.

Korrupsiya AQSh siyosatida ham yangilik emas, albatta.

San Diyego meri Bob Filner jinsiy tajovuzda aybdor deb topilib, hozir qamoqda o’tiribdi.

Trey Reydel, Florida shtatidan saylangan kongressmen, kokain iste’mol qilgani uchun ishdan ketgan, jazolangan.

“Yurtimiz, saylovchilarimiz yuzini yerga qaratdim. Oilamni sharmanda qildim”,- deydi Reydel.

Korrupsiya hollarini fosh etadigan kuch bu axborot vositalaridir. Izchil va uzoq tekshiruv samarasi bu ishlar. Tirishqoq jurnalistlarga tasanno, deydi siyosatsunos Kventin Kidd.

“Matbuotimiz sergak. Chunki gubernatorga kelayotgan sovg’alar oddiy hadya emasligini ular aniqladi, masalani ular ko’tarib chiqdi, gubernatorni savolga tutdi, ommani ogoh etdi. Tergov ishi aynan shu sabab boshlandi. Huquq-tartibot organlari axborot vositalariga tayandi. Jinoyatlar ko’p hollarda shu yo’l bilan fosh etiladi. Jurnalistlar adolat talab qiluvchi kuch. Ba’zida jinoyatchilar qochib qutuladi”.

Professor Kidd yulg’ichlikka qarshi kurashning oxiri yo’q deydi. Lekin…

“Nafs, yeb to’ymaslik, ochko’zlik inson tabiatiga xos narsa. Uni kuchli jurnalistika va mustaqil adliya yenga oladi xolos. Korrupsiya bo’lmasin desak, mas’uliyat va jazoni ta’minlash kerak”.

Aybdor deb topilsa, Bob Makdonnell va rafiqasi o’nlab yilga ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Your browser doesn’t support HTML5

Amerika siyosatida korrupsiya - Corruption in US politics