Amerika infratuzilmasi - yo’l va ko’priklar, aeroport va bandargohlar, elektr va suv ta’minoti tizimlari - o’nlab yillardan buyon ta’mirdan o’tmagan. AQSh Muhandislar uyushmasi iqtisodiyotning qon tomirlari abgor ahvolda ekanini hukumatga har yili eslatadi. Prezident Tramp qayta qurish ishlariga 1,5 trillion dollar ajratish taklifini o’rtaga tashlamoqda.
2015-yilning dekabrida Pitsburgdagi ko’prik buzib tashlangan edi. Qo’shma Shtatlar bo’ylab mana shu kabi minglab obyektlar yaroqsiz ahvolda. Milliardlab dollar sarmoya zarur.
Qariyb bir asr xizmat qilgan Grinfild ko’prigini qayta qurishni shaharning o’zi qoplay olmaydi. Federal va shtat darajasida yordam berilmasa, bunday loyihalarni uddalash qiyin.
“Nafaqat Pitsburg, hammaga yordam kerak. Mamlakatning har burchagida obyektlar eskirib yotibdi, yangisini qurish kerak. Moliya qancha ko’p bo’lsa shuncha yaxshi”, - deydi shahar rasmiysi Gay Kosta.
Uning aytishicha, xarajatning 80 foizini federal hukumat qoplaydi. 15 foizini shtat va besh foizini shaharning o’zi. Bu degani, 19 millionli ko’prik shaharga atigi bir millionga tushadi.
Donald Tramp saylanayotganda butun mamlakat bo’ylab inshootlarni ta’mirlash uchun Kongressdan bir trillion dollar so’rashini aytgan. Mahalliy rasmiylar mablag’ kutmoqda.
“Shuncha infratuzilmani yaratib qo’yib, ularni ta’mirlab turishga hech e’tibor bermaymiz”, - deydi Pitsburg meri Bill Peduto.
Pitsburg bir vaqtlar po’lat ishlab chiqarishda yetakchi shahar edi. Lekin Pitsburg atrofidagi rayonlarni markazga bog’lash natijasida mablag’ asosan yangi loyihalarga sarflangan. Ta’mirlash masalasi chetda qolgan.
“O’z uyingizga qaragandek gap. Agar tomingizdan suv o’tayotganida e’tibor bermay yuraversangiz, bir kun kelib butun tomni almashtirishga to’g’ri keladi”, - deydi mer.
Ammo byurokratiya jarayonni sekinlashtiradi.
“Vashingtonda tasdiqlangan mablag’ bizga yetib kelguncha yillab vaqt ketishi mumkin. Dizayn-muhandislik ishlariga yana to’rt yil”, - deydi Gay Kosta.
Pitsburgdagi loyiha qariyb 20 ming odamga ta’sir ko’rsatadi. Bu hali birgina ko’prik. Shaharda 300 ming aholi bor. Butun mamlakat bo’ylab shunday proyektlar boshlanishini tasavvur qiling!
Noqulayliklarchi? Ko’prikdan foydalangan haydovchilar endi ichki ko’chalardan aylanib o’tishga majbur.
“Shovqin, to’polon. Tinchlik yo’q. Hatto uyimni sotib ketsammikan deb o’ylab turibman”, - deydi bir ayol.
Obama ma’muriyati tasdiqlagan mablag’ bilan Grinfild ko’prigi 2017-yilning oktabrida qayta ishga tushdi. Xarob ahvolda yotgan yana 58 ming ko’prikni tuzatish esa Prezident Trampga bog’liq. Uning o’z va’dalarini bajara olishiga.