54 yil o’tib Kubada AQSh elchixonasining qayta ochilishi ketidan ikki mamlakat o’rtasida umid uchqunlari paydo bo’ldi. Biroq shubhalar ham bor. Mayamida yashovchi kubalik-amerikaliklar jamoasining bir qismi o’zgarishlarni olqishlayotgan bo’lsa, boshqalar AQSh hukumati qarorini tanqid qilmoqda.
Mayamidagi namoyishda Kuba bilan diplomatik aloqalarni tiklash tarafdorlari bu qarorga qarshilar bilan to’qnashdi, politsiya ularni ajratishga majbur bo’ldi.
AQSh janubidagi Florida shtatida bir milliondan ziyod kubalik-amerikalik yashaydi. Aksariyati Mayami va uning atrofida. AQShda tug’ilganlari Kuba bilan aloqalarni tiklash siyosatini qo’llab-quvvatlamoqda.
"Oilam Kubaga bormaganiga 50 yildan oshdi. Endi esa imkoniyat bor", - deydi bir odam.
"U yerda nobud bo’lganlarni hech qachon esdan chiqarmayman", - deydi bir ayol.
14-avgust kuni AQSh bayrog‘i yana Gavana uzra hilpiray boshladi. Undan bir kun oldin esa Kuba inqilobi yetakchisi Fidel Kastroning 89 yoshi nishonlandi. Ayrim kubalik-amerikaliklar elchixonaning ochilishini Kastro uchun hadya deya, mazax qildi. Munosabatlarning tiklanishidan oddiy kubaliklarga foyda yo’q, deydi Florida shtatidan AQSh senatori Marko Rubio.
"Barak Obama va sobiq Davlat kotibi Xillari Klinton nazarida Kuba xalqi orolga yetarlicha amerikalik sayyohlar bormayotgani uchun qiynalmoqda", - deydi senator.
Kuba Tashqi ishlar vaziri Bruno Rodrigez AQSh elchixonasining ochilish marosimida bunday talqinga qo'shilmaydi.
"Kuba irqiy kamsitish yoki politsiya zo’ravonligi hukm suruvchi mamlakat emas. Bundan Kubada hali hech kim nobud bo’lmagan", - dedi vazir.
Obama ma’muriyatiga ko’ra, inson huquqlariga doir masalalar AQSh va Kuba rasmiylarining muntazam uchrashuvlarida muhokama etib boriladi.
"Amerikalik va kubalik diplomatlar bemalol fikr almashib, barcha jabhadagi fuqarolar bilan uchrashib, suhbatlashish imkoniyatiga ega bo’ladi", - dedi davlat kotibi.
Kerrining aytishicha, AQSh va Kuba o’rtasida diplomatik aloqalarning tiklangani har ikki mamlakat fuqarolarining xohishini ifoda etib, hech bir hukumat uchun iltifot sifatida ko’rilmasligi kerak.