Kastroning o'limi AQSh-Kuba aloqalariga qanday ta'sir qiladi?

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Amerika Kuba bilan aloqalarni tiklayotgan bir paytda Fidel Kastro 90 yoshida vafot etdi. Orol davlatni nimalar kutmoqda? AQShning yangi rahbari Donald Tramp Kuba bilan qanday munosabatda bo’ladi?

2015-yilning iyulida AQShning Gavanadagi elchixonasi binosi uzra Amerika bayrog’i ko’tarilgan edi. G’animlar diplomatik aloqalarni tikladi.

Oradan bir necha oy o’tib, Barak Obama Kubaga bordi. 1959-yilgi inqilobdan buyon AQSh rahbari orolga qadam qo’ymagan edi.

“Amerika qit’asida sovuq urush sarqitidan qutulish, Kuba xalqiga do’stlik qo’lini cho’zish uchun keldim”, - degan o’shanda Obama.

O’rtada jiddiy tafovutlar davom etishi, hukumatlar har bir masalada ham kelisha olmasligi aniq, degan edi Obama. Masalan demokratiya va inson huquqlari borasida. Lekin aloqalar to’xtab qolmasligi kerak, muzokara davom etishi kerak.

Qo’shma Shtatlar iqtisodiy imkoniyatlarga yo’l ochish uchun Kubaga qo’yilgan cheklovlarni bekor qila boshladi. Ekspertlarga ko’ra, bu tashabbuslar Fidel Kastro hayotligida olg’a siljigani muhim, lekin oldinda hali ish ko’p.

Florida Xalqaro universitetidan Brayan Fonseka deydiki:

“Kastroning o’limi Kubada tub siyosiy o’zgarishlar bo’ladi degani emas”.

Tanqidchilar nazarida, Obama ma’muriyati Kuba hukumatiga inson huquqlari bobida keskin shart qo’ymasdan diplomatik aloqani tiklab, xato qildi. Saylov kampaniyasida Donald Tramp Kubaga doir qarorlarni bekor qilishini aytgan. Kastro rejimi AQSh talablariga ko’nishga majbur, degan u.

“Kuba xalqining diniy va siyosiy erkinliklari ta’minlansin, siyosiy mahbuslar ozod etilsin”, - degan Tramp.

Fidel Kastroning o’limi ortidan orolda ulkan o’zgarishlar bo’lishiga ishonch past.

Kongress a’zosi, respublikachi, kelib chiqishi kubalik Ileana Ros-Leytinen:

“Fidel Kastro siyosiy-ijtimoiy sahnadan ketganiga ko’p yillar bo’ldi. Mamlakatni ukasi Raul Kastro boshqarib kelmoqda. Fidelning o’limi o’zgarishlarga olib keladimi? Har holda xalq yengil tortdi, ruhiy yukdan qutuldi”.

Tahlilchi Brayan Fonseka esa Kubada siyosiy maydon yangi siyosatchilarga ochilishidan umidvor. Orolni boshqa yo’ldan kelajakka yetaklaydigan rahbarlar kerak, deydi u.

Amerika o’zgarib bormoqda. Kuba ham o’zgarmoqda. AQSh yuzlab ming kubaliklarga vatan.