Eski temir yo’llar endi vilosipedchilarga muntazir

  • Amerika Ovozi
AQSh hududida minglab kilometr temir yo’llari qurilgan. Bir vaqtlar mamlakat iqtisodi aynan yo’lovchi va yuk tashigan poyezdlar tufayli qaddini rostlagan. Bugun esa boshqa transport vositalari poyezdlar o’rnini bosmoqda. Lekin Kanzas-Missuri-Texas temir yo’lining Missuri shtatini kesib o’tadigan va Keti nomini olgan bir qismi qo’riqxonaga aylantirildi va asta-sekin velosipedchilarni o’ziga tortdi.

Missuri shtatining Sedaliya shahridagi temir yo’ldan hamon poyezdlar yuradi. Lekin XIX asrning o’rtalarida qurilgan depo bugun bo’m-bo’sh.

Ketlin Bosuell sayyohlarga o’tmish haqida hikoya qiladi: “Bir vaqtlar binoning ikkala tarafida o’nlab temir yo’llari o’tgan”.

1980-yillarga kelib yo’lovchilar va yukni samolyotlar va katta mashinalar tashiydigan bo’ldi. Keti yo’li qarovsiz qoldi.

Endi esa bu boshqa vositani ko’rasiz.

“22 yildirki bu yo’ldan velosipedchilar foydalanadi,” - hikoya qiladi Bosuell.

Keti yo’li Missuri shtati temir yo’llarini saqlashni maqsad qilgan maxsus qo’riqxona nazoratida.

Mana bu sayyohlar kuniga 50-80 kilometr yo’l bosish niyatida.

“Sharqqa qarab ketaveramiz. Quyosh ortidan,” - deydi biri.

Ular shag’al to’kilgan yo’lakdan velosipedlarini haydab ketaveradi. O’rmondan, so’ngra Missuri daryosi bo’ylab.

Keti yo’lida yiliga qariyb yarim million odam qatnaydi.

Ayrimlar shtat poytaxtiga borib, rassom Tomas Xart Benton mo’yqalamiga mansub freskolarni tomosha qiladi.

“Senator zali deb nomlangan joydagi bitta fresko ayniqsa ajoyib ekan. Ilgari hech Missuriga kelmagan edim. Bu haqda o’ylamagandim ham. Lekin asarni ko’rganimdan keyin dam olish uchun ajoyib joy ekan, degan fikrga keldim,” - deydi velosipedchi Elis Frost.

Keti yo’lini qurish uchun 6 million dollar sarflangan. Har yili Missuri shtati ma’muriyati 390 kilometrlik yo’lni ta’mirlab turadi. Bu katta mablag’ talab qiladigan loyiha emas. Turizm orqali shtat xarajatlarni qaytarub oladi, deydi velosipedlarni ijaraga beradigan Todd Uayt.

“Tadqiqotlarga ko’ra, sayyohlar bu yerda yliliga 18,5 million dollar sarflaydi. Yo’l bo’ylab 250 ming ovqatxona, velosipedlar ijarasi do’konlari, boshqa do’konlar joylashgan. Foyda ulardan olinadi,” - deydi u.

Missuri daryosidagi ko’priklarning aksariyatida endi velosipedchilar uchun maxsus yo’laklar ajratilgan. Hammasi Keti yo’li bilan bog’lanadi.

Sent-Luis shahrigacha yetib olganlar kitob o’qib, yugurib yoki sayr qilib dam oladi.

Qoriqxona boshqarmasi 32 ming kilometrlik temir yo’lni bog’ va hordiq chiqarish joylariga aylantirdi. Butun mamlakat bo’ylab shunday loyihalar boshlanmoqda.