AQSh demokratiya targ’iboti, 30 yillik ishlar sarhisobi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

O’tgan 30 yil ichida dunyoning turli chekkalarida demokratiya keng quloch yozdi. Jarayon albatta oson kechmadi. Qonun ustuvorligi va huquq targ’iboti Amerika tashqi siyosatining ustunlaridan sanaladi, qolaversa, bu davlat uchun diplomatik qurol.

Targ’ibot va ko’mak dasturlarini yuritib kelayotgan, AQShda asoslangan tashkilotlar o’tgan 30 yildagi yutuq va muammolarni sarhisob qilmoqda.

Demokratiya uchun AQSh jamg’armasi (National Endowment for Democracy) 1983-yilda tashkil topganidan beri jahonda erkin jamiyatlar ancha ko’paydi.

Kongressdan moliya oladigan xususiy, notijoriy bu muassasa o’zgarishga katta hissa qo’shgan, deydi uning prezidenti Karl Gershman.

“Bizning vazifamiz, Kongress tomonidan belgilangan missiyamiz madad ko’rsatish, yordam qo’lini cho’zish. Ammo o’zgarishni qiladigan kuch o’sha jamiyatlarning o’zida. Ya’ni oddiy odamlar”, - deydi u.

30 yildirki demokratiyani kuylovchi tashkilotlar turli davlatlarda xizmat qilib keladi. Amerika Demokratiya instituti (National Democratic Institute) va Xalqaro Respublikachilar instituti (International Republican Institute), AQShdagi ikki yirik partiyaga aloqador guruhlar, o’xshash missiyaga ega.

Bu tashkilotlar fuqaro jamiyatini oyoqqa turg’izish va quvvatlash yo’lida nohukumat muassasalar, siyosiy partiyalar, mahalliy faollar va ayrim hukumatlar bilan hamkorlik qiladi. Masalan, Demokratiya uchun AQSh jamg’armasi har yili turli loyihalarga grantlar ajratadi. Amerika Demokratiya instituti va Xalqaro Respublikachilar institutining esa dunyoning turli burchaklarida idoralari bor.

“Hech bir tomonga yon bosish yo’q. Barcha bilan birdek ishlaymiz… hukmron partiya, muxolifat, hukumat va fuqaro jamiyati”, - deydi Amerika Demokratiya instituti rahbari Ken Vollak.

Lekin bu tashkilotlar buzg’unchilik va g’alamislikda ayblanib, haydalgan hollar yangilik emas. Xalqaro Respublikachilar instituti va Amerika Demokratiya instituti o’tgan yili bosim ostida Rossiyani tark etgan edi.

Ozarbayjonda bu tashkilotlarga ishlagan Melinda Xering fikricha, xorijda idora ochib mahalliy faollar bilan hamkorlik qilish strategiyasi faqatgina qisman erkin jamiyatlarda ish beradi.

“Qozog’iston, O’zbekiston, Ozarbayjon va Rossiyadek jamiyatlarda ishlash juda qiyin. Amaldagi rejimni savolga tutadigan biror programma yuritolmaysiz”.

Amerika Demokratiya instituti rahbari Ken Vollakning aytishicha, yutuqlar ham yo’q emas. Masalan, Keniyada bu yilgi saylovlar nisbatan osoyishta o’tdi.

“U yerda siyosiy partiyalar orasida muloqotni yo’lga qo’yish, saylov jarayonini kuzatish va yoshlarni jarayonga jalb qilish borasida ancha ter to’kdik”, - deydi Vollak.

Demokratiya ildiz otishi qiyin, lekin unga bo’lgan talab umumbashariy.

“Hatto Saudiya Arabistoni va Shimoliy Koreya kabi ezilgan jamiyatlarda ham o’zgarish talab qilayotgan dovyurak insonlar bor. Vaqt oliy hakam. Taraqqiyotdan qochib bo’lmaydi”, - deydi Karl Gershman.

Harakatlar meva berayotgan ekan, bu ishni davom ettiramiz, deydi demokratiya targ’ibotchilari.