AQSh: Misrdagi o'zgarishlar oldindan ma'lum edi

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibi Xillari Klinton Misr prezidenti Muhammad Mursiy bilan, 14-iyul, 2012-yil, Qohira, Misr.

Obama ma’muriyati tarqatgan ma’lumotga ko’ra, Misr prezidenti Muhammad Mursiyning yetakchi harbiylarini ishdan olishi AQSh hukumati uchun kutilmagan yangilik emas. Eng muhimi, bu Misrning muammolarsiz demokratiya so’qmog’iga chiqib olishi, deyiladi Davlat departamenti bayonotida.



AQSh Davlat Departamenti so’zlovchisi Viktoriya Nulandning aytishicha, Davlat kotibi Xillari Klinton Misrda ro’y berishi kutilayotgan o’zgarishlardan oldindan voqif bo’lgan. O’tgan oy Misrda kechgan uchrashuvda prezident Mursiy vaqti kelganda mudofaa vazirini yangilash niyati borligini unga ma’lum qilgan.

Shuning uchun Mudofaa vaziri Muhammad Tantaviy va Qurolli kuchlar Bosh shtabi rahbari Sami Annanning yakshanba kungi iste’fosi ajablanarli hol emas, deydi Nuland.

“Kadrlar masalasini misrliklarning o’zi hal qilishi lozim. Biz uchun muhimi shuki, harbiylar va fuqaroviy hukumat Misrda to’la demokratiya o’rnatilishi yo’lida, xususan, demokratik parlament va konstitutsiyani yaratish kabi masalalarda birga ishlashda davom etishi kerak”, - deydi AQSh hukumati rasmiysi.

Nulandning aytishicha, prezident Mursiy tomonidan tayinlangan yangi rahbarlar ilgari AQSh bilan birga ishlagan, hatto Amerikada tayyorgarlikdan o’tgan mutaxassislardir. Ular orasida sobiq sudya va yangi vitse-prezident Mahmud Makkiy ham bor. Misrning ko’plab masalalariga yechim topishda Makkiy muhim rol o’ynashi mumkin, deydi Nuland.

“Yuridik tajribaga ega bunday odam konstitutsion masalalarga yechim topishda qo’l kelishi mumkin. Ammo hammasini vaqt ko’rsatadi”, deydi Davlat departamenti so’zlovchisi.

Yetakchi harbiylarning lavozimdan bo’shatilishi Sinay yarimorolida yuz bergan qonli to’qnashuvlar ortidan amalga oshirildi. Isroil bilan chegaradosh hududda noma’lum qurollangan shaxslar hujumida 16 nafar misrlik askar halok bo’ldi. Nuland so’zlariga ko’ra, Sinaydagi xavfsizlik muammosi yangi hukumatning Isroil bilan aloqalariga ta’sir qiladi.

“Sinayda xavfsizlikka doir muammolarning bo’lishi tabiiy. Qohiraning yarimorol nazoratini qo’lga olishga bo’lgan urinishi qo’shnilar, region hamda mavjud xavfsizlik va hamkorlikka oid bitimlarga ta’sir ko’rsatadi. Biz o’zgarishlarning muammosiz, silliq o’tishini istaymiz”, deydi Nuland.

Prezident Mursiy konstitutsiyaning harbiylar vakolatini kengaytirishga qaratilgan bandini ham bekor qildi. Uning ta’kidlashicha, qarorlar biror shaxs yoki tizimga qarshi qaratilmagan, balki Misr va xalqi foydasini ko’zlab amalga oshirilgan.

Harbiylar prezident qaroriga hozircha e’tiroz bilan chiqqani yo’q. Generalitet
1952-yildan beri Misr siyosatida muhim rol o’ynab keladi. Misrni o’tgan 60 yil davomida boshqargan har bir prezident harbiylardan chiqqan. O’tgan yilgi inqilob natijasida o’tkazilgan erkin saylovlarda g’oliblikni qo’lgan kiritgan Muhammad Mursiy zamonaviy Misr tarixida harbiy bo’lmagan birinchi davlat rahbaridir.