So'rovlarda Klinton Trampni ortda qoldirmoqda

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

So'nggi so'rovlarga ko'ra, prezidentlik uchun respublikachi nomzod Donald Tramp demokrat raqibi Hillari Klintondan ortda qolmoqda. Mablag' yig'ishda ham, saylov kampaniyasini tashkil etishda ham milliarder nomzod orqada. Ayni paytda u Klintonga hujumlarni oshirib bormoqda.

Donald Tramp tarafdorlari va va unga qarshilar Xyustonda o'tgan rallida o'zaro gap talashdi.

Tramp qayerga bormasin, ortidan tarafdorlari suvdek oqib boradi. Ammo unga qarshilar ham oz emas.

Tramp barcha partiyadoshlarini ortidan ergashtirishda qiynalayotgan bo'lsa-da, demokratlar partiyasi nomzodi Hillari Klintonga qarshi hujumdan charchagani yo'q.

U Nyu-Yorkda tarfdorlari bilan o'tgan uchrashuvda sobiq davlat kotibini "dunyo miqyosidagi yolg'onchi" deb atadi.

"Hech bir davlat kotibi Hillari Klintondek ko'p xato qilmagan. Uning qarorlari o'lim, vayronagarchilk va terrorizm olib keladi", - dedi respublikachi nomzod.

O'z navbatida Klinton ham Trampni tanqid ostiga olmoqda: nafaqat tashqi siyosat, balki iqtisodiy masalalarda ham.

"Har kuni Trampning qanchalar qaysar va tartibsiz ekanini ko'ryapmiz. U hatto bundan faxrlanadi. U shu yo'lni tanlabdi. Lekin prezidentning kim bo'lishini biz tanlaymiz", - dedi Klinton.

Ko'plab respublikachi yetakchilar Trampdan norozi. Shunga qaramay, uni tark etayotganlar kam.

"Ular Trampga ishonmaydi va saylansa ham qiladigan ishlaridan xavotirda. Respublikachilar ikkita odam orasidan kamroq yomon bo'lganini tanlashyapti. Kamida ular bilan partiyadosh bo'lgan odamni yoqlashyapti", - deydi tahlilchi Kayl Kondik.

Tramp barchaga manzur nomzod bo'lishi uchun hali ko'p ishlashi kerak, deydi respublikachilar tahlilchisi Skot Fokner.

"Kattaroq aholi e'tiborini qozonishi uchun u qarashlarini kengaytirishi kerak. Ga'zab uyg'otishni u yaxshi uddaladi. Endi idealizmga chorlashi kerak", - deydi u.

Ayni paytda Klinton oldinda. Ammo o'zgarish istayotganlar Trampni yoqlashi mumkin, deydi tadqiqotchi Lara Braun.

"Ko'plab amerikaliklar nafaqat siyosiy tizimning buzuqligidan xavotirda, balki bu haqda ular Vashingtonni ogohlantirayotganiga qaramay, hech kim quloq tutmayotganidan g'azabda", - deydi Braun.

Kelasi oy Klivlendda bo'ladigan respublikachilar yig'ini Tramp kampaniyasiga yangi ruh bag'ishlashi mumkin. Lekin unga nomzodlikni bermaslik kerak, degan delegatlar hanuz topiladi.