Amerikada saylov mavsumi qizg’in pallada

  • Amerika Ovozi

24-fevral kuni AQShning Janubiy Karolina shtatida Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzodlar partiyaviy tanlovda qatnashadi. Asosiy nomzod ikkita – sobiq prezident Donald Tramp va shtatning sobiq gubernatori Nikki Xeyli.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 23-fevral, 2024-yil

“Bizga sakkiz yil uzluksiz ishlaydigan, Amerika xalqi muammolariga yechim ustida kunu tun o’ylaydigan odam kerak”, - dedi sobiq hokima.

Xeyli Tramp prezidentligi paytida BMTda elchilik ham qilgan. Saylov u gubernatorlik qilgan shtatda o’tayotganiga qaramay, ijtimoiy so’rov natijalariga ko’ra, saylovchilarning 63 foizi ovozini Trampga bermoqchi.

Xeyli mag’lub bo’lgan taqdirda ham poygadan chiqmoqchi emas. Uning taqdiri 5-mart kuni bo’ladigan Super Seshanbadan so’ng ma’lum bo’ladi. Shu kuni 15 ta shtatda partiyaviy saylov rejalangan.

Asosiy saylovda yana Tramp-Bayden duelimi?

Kuzatuvchilar noyabrdagi asosiy saylovda yana Bayden-Tramp dueli bo’lishini bashorat qilmoqda. Trampga saylovda qatnashishga sud qarori, Baydenga esa uning salomatligi halaqit berishi mumkin.

Ba’zilar saylov taqdirini nega aynan yana shu ikki nomzod hal qilishi kerak deya so’ramoqda.

“Tramp hukumatdan norozilarning, o’z saylovchilarining ko’nglini olishni yaxshi biladi. Bayden esa, demokratlar nazarida, Trampni mag’lub etishga qodir yagona nomzod”, - deydi “Ipsos” sotsiologik tashkilotidan Klifford Yang.

Baydenning ham, Trampning ham o’z partiyasida nufuzi baland. Nyu-Gempshir shtatidagi partiyaviy saylovda Baydenning nomi saylov qog’oziga kiritilmagan bo’lsa-da, u g’alaba qozondi.

Tramp ham praymerizda katta farq bilan g’olib bo’ldi, uning ashaddiy saylovchilari Trampga sadoqatini yo’qotmagan.

Demokratik partiya ichidagi progressiv siyosatchilar esa Baydenning talabalar qarzlarini butunlay bekor qila olmayotganidan hamda Isroilning G’azodagi urushiga chek qo’ya olmayotganidan norozi.

“Donald Trampni yoqtirmaydigan va shu bilan birga Baydenni qo’llab-quvvatlamaydigan, Demokratik partiya doim ishini yaxshi bajarmaydi deya his qilayotgan ko’p odamlar bor”, - deydi demokratlar strategi Korrin Greys Frimen.