Your browser doesn’t support HTML5
Germaniyada o’tgan saylovlarda Nasroniy-demokratik partiyasi g’alabani qo’lga kiritib, kansler Angela Merkel o’z lavozimida qoldi.
Germaniya AQShning yaqin ittifoqchilaridan, ammo so’nggi payt Vashington tashqi siyosatida Osiyoga kattaroq o’rin ajratilayotgani, umuman, Yevropa bilan aloqalarga qanday ta’sir ko’rsatadi?
Yaqinda Vashingtonga qilgan safari chog’ida Germanya parlamenti a’zosi Gans-Ulrik Klose shuni ta’kidladiki, AQSh diqqati Osiyoda ekan, Yevropa Ittifoqi o’z iqtisodiy va siyosiy muammolarini hal qilishga endi o’zi mustaqil harakat qilishi kerak.
“Yevropa ahli shu paytgacha farovon, xotirjam yashab keldi, chunki bilardiki, agar Yevropa hududida - xoh janubda va xoh sharqda bo’lsin - biror muammo chiqadigan bo’lsa Qo’shma Shtatlar yordamiga doimo tayansa bo’ladi”, - deydi Klose.
Nemis deputati fikricha, AQShning Osiyo bilan yaqinlashuvi trans-atlantik savdo hajmi kamayishiga olib kelishi mumkin.
Ammo Klaus Larres, Shimoliy Karolina universiteti professori izohicha, Yevropa Ittifoqi behuda xavotir olayapti.
“Yevropaning o’zi ham Xitoyga, umuman, Osiyo bozoriga chiqishga harakat qilayapti. Germaniyaning eksport sanoati bu darajada rivojlangani bejiz emas. Xitoy, Hindiston, Braziliya va boshqa davlatlar bilan tijorat samarasi bu”, - deydi u.
Ammo Yevropa Ittifoqi bundan buyon qo’shni davlatlarda nimalar bo’layotganini yaqinroq kuzatishiga to’g’ri keladi.
“Bu yevropaliklar uchun yangi bir yo’nalish. Shimoliy Afrika bizga qo’shni. Yaqin Sharq bizga qo’shni. Bu mintaqada ro’y berayotgan o’zgarishlar hammaga ma’lum. Albatta, bizga ham ta’siri bor. U yerdagi jarayonlarni kuzatib borayapmiz”, - deydi germaniyalik qonunchi.
Yevropaning eng baquvvat iqtisodiyoti bo’lmish Germaniyadan ba’zida qit’a tashqi siyosatida yetakchi bo’lishni kutishadi. Professor Larresning aytishicha, natsizm o’tmishi sabab nemis siyosatchilari, jumladan Angela Merkel, bu tashabbuslarga qiziqish bildirmaydi.
“Ko’pchilik nazarida Merkel Yevropani yanada jipslashtirishga qaratilgan katta bir nutq so’zlashi kerak. Lekin, menimcha, bu amalga oshmaydigan orzu, chunki uning o’zida bunday xohish yo’q. Ikkinchidan, Germaniyadagi ayrim guruhlarga bu yoqmasligi aniq”, - deydi Larres.
Lekin Germaniya iqtisodiy jabhada yetakchilikni qo’lga ola bilishini ko’p marta isbotlagan. Yevroni saqlab qolish uchun Merkel munozarali ammo zarur choralar ko’rdi.
Aksar nemis siyosatchilari singari AQSh ham kuchli Yevropa tarafdori, deydi ekspertlar. Osiyo bilan yaqinroq hamkorlikdan har ikki tomon teng foyda ko’radi.